10:20 / 13.04.2021
25340

Rossiya Turkiya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi. Bu orqali yarim million rossiyalikning rejalari buzildi

15 apreldan Rossiyadan Turkiyaga parvozlarga taqiq qo‘yiladi. Koronavirusga qarshi kurash tezkor shtabi taqiqning rasmiy sababi sifatida Turkiyada epidemiologik vaziyat yomonlashganini keltirgan: so‘nggi kunlarda ushbu mamlakatda kuniga 50 mingdan ortiq yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda.

Foto: Sedat Suna / EPA / Scanpix / LETA

Rossiya hukumati 2021 yil 15 aprelidan 1 iyunigacha Turkiya bilan charter va doimiy aviaqatnovlarni chekladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari - koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab rahbari Tatyana Golikova 12 aprel kuni e'lon qildi. Turoperatorlarga bu vaqt mobaynida Turkiyaga sayohat uchun chiptalar sotishni to‘xtatish tavsiya etilgan. Bundan tashqari, shtab «epidemiologik ma'lumotlar tahliliga asoslangan holda» Tanzaniya bilan aviaqatnovlarni ham 1 iyunga qadar to‘xtatishga qaror qilgan.

Moskva va Istanbul o‘rtasida haftasiga ikkita doimiy reys amalga oshirilishi davom etadi. Bundan tashqari, aviakompaniyalarga rossiyalik sayyohlarni olib qaytishga, shuningdek, «Akkuyu» AES qurilishidagi ishchilarni tashish uchun ruxsat berilgan. Ayni vaqtda Turkiya yoki Tanzaniyada bo‘lib turgan Rossiya fuqarolari ta'tilni davom ettirishi va charter reys bilan qaytishi mumkin. «Rosturizm» sayyohlar evakuatsiya qilinmasligini ma'lum qilgan. 1 iyunga qadar turlar sotib olgan sayyohlarga dam olish uchun yo‘nalishni o‘zgartirish yoki safarni keyinroqqa qoldirish tavsiya etilgan.

«Rospotrebnadzor» rahbari Anna Popovaning ma'lum qilishicha, Rossiyada chetdan kirib kelayotganlarda koronavirus qayd etilishi bilan bog‘liq holatlarning 80 foizi Turkiya hissasiga to‘g‘ri keladi. U 2020 yil 1 avgustidan buyon yuritib kelingan statistik ma'lumotlarni keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mart oyida Turkiyada epidemiologik vaziyat keskin yomonlashgan, mamlakatning har bir viloyatida koronavirusning «britancha» shtammi qayd etilgan, bu respublikada bo‘lgan rossiyaliklar «turli xil mutatsiyalangan shtammlar» olib kelmoqda. Avvalroq Popova xorijdan qaytgan rossiyaliklarning 1 foizida koronavirus aniqlangani haqida aytgandi - bu 2021 yil boshidan buyon 25 ming kishi degani.

500 mingdan ortiq rossiyalik 15 apreldan 31 maygacha bo‘lgan davr uchun Turkiyaga sayohat chiptalarini oldindan band qilib qo‘ygan. Bu haqda Rossiya turoperatorlari uyushmasi (ATOR)ijrochi direktori Mayya Lomidze ma'lum qildi. U «Interfaks»ga bergan intervyusida aniqlik kiritishicha, 500  ming kishi yo‘llanalarni yirik turoperatorlardan sotib olgan, yana 100 ming kishi boshqa yo‘nalishlar yopilgani tufayli yo‘nalishni Turkiyaga o‘zgartirish uchun o‘rta va kichik darajadagi turoperatorlarga murojaat qilgan. Shu bilan birga, TASS agentligi Rossiya turoperatorlari uyushmasiga asoslanib ma'lumot berishicha, yaqin bir yarim oy uchun Turkiyaga chipta olgan jami sayyohlar soni 533 200 kishini tashkil etadi. Turkiyaga 1 iyunga qadar bron qilingan turlar qiymati 32 milliard rublga baholangan. Bundan tashqari, aprel oyi o‘rtalaridan may oyi oxirigacha 5-6 ming tur bron qilingan.

Rossiya turizm sanoati ittifoqi matbuot kotibi Irina Tyurinaning fikricha, endilikda rossiyalik sayyohlarda maydagi ta'tillarni qayerda o‘tkazish bo‘yicha muammolar yuzaga kelishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, «may oyi uchun Sochi va Qrimdagi barcha yaxshi joylar band qilib bo‘lingan». «Interfaks» ma'lumotiga ko‘ra, may bayramlarini Turkiyada o‘tkazish uchun 200 ming rossiyalik chipta xarid qilgandi. Ittifoqdagilar Tursiyaga safarlarning bekor qilinishini turistik biznes uchun «yangi og‘ir zarba» deb baholashmoqda. «Rosturizm» turoperatorlar davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilishiga umid qilishmoqda.

2020 yilning 1 avgustida Turkiya va Tanzaniya chegaralarning to‘rt oylik yopiqligidan so‘ng Rossiya bilan doimiy reyslarni tiklagan birinchi davlatlardan bo‘lgandi. Avvaliga hukumat Turkiyaning yirik shaharlari Anqara va Istanbulga, keyin kurort shaharlar — Antalya, Bodrum va Dalaman shaharlariga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat bergandi. Aprelgacha Turkiyaga Rossiyaning 25 shahridan, shu jumladan, Moskva va Peterburgdan reyslar amalga oshirilgan.

Top