16:41 / 14.04.2021
14386

O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi «Shimol-Janub» xalqaro transport yo‘lagiga a'zo bo‘ldi

«Shimol-Janub» yo‘lagi bir tomondan Yevropa Ittifoqidan to Suvaysh kanaligacha bo‘lgan hududlarga, ikkinchi tomondan Yevropa Ittifoqidan to Hindiston, Pokiston portlarigacha yetib boradi. Yo‘lak orqali tashish xarajatlari 30-40 foizga arzonlashishi kutilmoqda.

Foto: novostipmr.com

O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi «Shimol-Janub» («Sever-yug») savdo logistik koridori klubiga qo‘shildi.

«O‘zbekistonning «Shimol-Janub» transport koridoriga qo‘shilishi mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim kelishuv hisoblanadi. Ushbu koridorga Yevropa va MDHdan Ukraina, Belarus, Ozarboyjon, Turkmaniston, Misr, Eron, Turkiya, Hindiston, Pokiston kabi davlatlar a'zo bo‘lgan.

Bu loyiha bizga logistika xarajatlarini 2 barobargacha qisqartirish imkonini beradi. Loyiha asnosida O‘zbekistonda quruqlik portini yaratish va xalqaro savdo va logistik tranzitlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Loyiha Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishimiz uchun o‘ziga xos platforma bo‘ladi degan umiddamiz», — deya O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Shimol-Janub» yo‘lagi bir tomondan Yevropa Ittifoqidan to Suvaysh kanaligacha bo‘lgan hududlarga, boshqa tomondan Yevropa Ittifoqidan to Pokistonning Karachi portigacha yoki Hindiston portlarigacha yetib boradi. 

Foto: Wikipedia

Bu savdo yo‘lagi yirik loyiha bo‘lib, 2000 yilda uni tashkil etish to‘g‘risida Rossiya, Eron va Hindiston o‘rtasida kelishuv bo‘lgan. 2002 yildan bu «yashil yo‘lak» rasman ochilgan. Hozirda dunyo bo‘yicha o‘nlab davlatlar unga a'zo bo‘lgan.

Uzunligi 7200 km bo‘lgan transport yo‘lagi Hindistondan Sankt-Peterburgga tovarlarni yetkazib berish muddatini 30-40 foizga yoki 20 kunga qisqartirishga imkon beradi. Kelajakda esa yiliga 15-20 million tonna yuk tashish rejalashtirilgan.

«Shimol-Janub» savdo yo‘lagi O‘zbekistonga nima beradi?          

Ushbu loyiha savdoni moliyalashtirish imkonini beradi.  Shuningdek, logistik jihatdan ham qulay.  

Ma'lum qilinishicha, ushbu «yashil yo‘lak» raqamli tijorat yo‘lga qo‘yib tez buziladigan tovarlarni yetkazish tezligini oshiradi, transport xarajatlarini kamaytiradi, umumiy transport infratuzilmasini muvofiqlashtiradi.

Rossiya misolida ko‘radigan bo‘lsak, hozirda Mumbaydan Moskvaga ushbu yo‘nalish bo‘yicha yetkazib beriladigan konteyner yuklari 30 kundan ortiq davom etmaydi. Yuklarni Suvaysh kanali bo‘ylab va Yevropa bo‘ylab Sankt-Peterburg orqali tashish o‘rtacha 45 kun vaqt oladi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar konteynerlarning yo‘nalishi va yetkazib berish muddati 15 kunga qisqartirilsa, bir tonna yukni yetkazish narxi ham kamayadi. «Shimol-Janub» transport koridorining potensial quvvati yiliga taxminan 15-16 million tonna yuk tashishga yetadi, bu xarajatlar 1,5-2 milliard dollarga kamayishini anglatadi.

Avvalroq, o‘zbek-afg‘on matchmeyking konferensiyasida o‘zbek tadbirkorlari ishtirok etib, xorijiy investorlar bilan 6 yo‘nalish bo‘yicha 12ta shartnoma imzolab qaytgani ma'lum qilingandi.

Top