02:15 / 14.04.2021
6940

O‘zbekiston va yana 20 davlat Afg‘oniston bo‘yicha Istanbul anjumaniga taklif etildi

Foto: Anadolu

O‘zbekiston, Rossiya, AQSh, Yevropa ittifoqi, NATO, Islom hamkorlik tashkiloti va yana 18ta davlat vakillari Afg‘oniston bo‘yicha Istanbulda o‘tadigan anjumanda ishtirok etishga taklif etildi. BMT, Turkiya va Qatar tomonidan tashkillashtirilayotgan anjuman 24 apreldan 4 maygacha Istanbulda bo‘lib o‘tadi.

Ta'kidlanishicha, anjumanda ishtirok etish uchun takliflar O‘zbekiston, Avstriya, Ozarboyjon, Kanada, AQSh, Rossiya, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Italiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Pokiston, Yevropa ittifoqining oliy vakili, NATO va Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotiblariga yo‘llangan. 

BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrikning ma'lum qilishicha, Antoniu Guterrish anjumanda videoformat shaklida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.  

Avvalroq Turkiya tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston va “Tolibon” vakillari ishtirokida Afg‘onistondagi vaziyatni tinchlik yo‘li bilan tartibga solish bo‘yicha anjuman o‘tishini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, Istanbul anjumanidan ko‘zlangan asosiy maqsad Dohada o‘tayotgan Afg‘onistonaro muzokaralarni jadallashtirish va to‘ldirish hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top