16:17 / 14.04.2021
14442

«Uchrashuv haqida gapirishga hali erta» - Dmitriy Peskov Putin va Bayden o‘rtasida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan muzokaralar haqida

13 aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden telefon muloqoti chog‘ida rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga ikki tomonlama sammit uyushtirish taklifini berdi. Oq uy xabariga ko‘ra, u uchinchi davlat hududida uchrashish taklifini bildirgan. Kremldagilar bu taklifga hozircha rasmiy javob bermadi.

Jo Bayden / Foto: RS / MPI / Capital Pictures / Scanpix / LETA

«Kommersant FM»: telefon muloqotida Jozef Bayden Vladimir Putinga yaqin kelajakda uchrashish taklifini berdi. Kreml bunday uchrashuv qachon va qayerda o‘tkazilishi bo‘yicha tasavvurga egami?

Dmitriy Peskov: Hozircha bu uchrashuv aniq o‘tkazilishi haqida gapirishga erta. Bu yangi taklif va u o‘rganiladi, tahlil qilinadi. Yetakchilar bunday uchrashuv mavzusi diplomatik kanallar orqali muhokama qilinishiga kelishib olishdi.

«Kommersant FM»: AQSh bilan munosabatlardan kelib chiqqan holda Putin Bayden bilan nima haqida gaplashishi mumkin? Suhbat yakunlari bo‘yicha xabarda Bayden strategik barqarorlik, qurollanish ustidan nazorat, Eronning yadroviy dasturi, Afg‘oniston va iqlim masalalarini muhokama qilishga tayyorligi eslatib o‘tilgan. Kremlning fikricha, yana qanday masalalarni ko‘tarish kerak? Yoki gaplashish mumkin bo‘lgan mavzularning bori shumi?

Dmitriy Peskov: Albatta, ikki tomonlama munosabatlar muhim. Ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro manfaatlarni ifodalaganda va muhokama jarayonida tomonlar manfaatdor bo‘lganda muhimdir.

«Kommersant FM»: Tomonlar Ukraina janubi-sharqidagi vaziyatni muhokama qilishni rejalashtirmoqdami?

Dmitriy Peskov: Tomonlar hozircha muhokama uchun mavzular ro‘yxatini tuzishni rejalashtirmayapti. Yana bir bor takrorlashni istardim, hozircha bu uchrashuvga hech qanaqa tayyorgarlik ketayotgani yo‘q. Bunday savollarni qo‘yishga hali erta.

«Komsomolskaya pravda»: Kreml diplomatik kanallar orqali janob Bayden o‘z so‘zlari uchun uzr so‘rashi bo‘yicha savolni tashlaydimi?

Dmitriy Peskov: Men bu savolni izohsiz qoldiraman.

UNIAN: Ikki davlat rahbarlari Ukraina bilan chegarada vaziyatni yumshatish zarurligi masalasida umumiy tushunchaga egami?

Dmitriy Peskov: Bizning qurolli kuchlarimiz Rossiya hududida qayta joylashtirilishi yuzasidan bildirilayotgan barcha xavotirlarni, shu jumladan, Qo‘shma Shtatlarning xavotirlarini asossiz deb bilamiz. Ukraina hududidagi deeskalatsiyaga faqat Ukraina qurolli kuchlari provokatsion harakatlardan voz kechishi evaziga erishish mumkin.

Bloomberg: Ayta olasizmi, Putin bu taklifni qabul qildimi yoki hali uning javobi ma'lum emasmi?

Dmitriy Peskov: Men boyagina bu savolga javob qaytardim, bu hali yangi taklif, u yaxshilab ko‘rib chiqiladi.

Bloomberg: Navalniy mavzusi ko‘tarilganmi?

Dmitriy Peskov: Menimcha, Navalniy mavzusi ko‘tarilmagan, yo‘q, yo‘q, ko‘tarilmagan.

RIA Novosti: Suhbatning umumiy ohangi qanday edi? Uni qanday xarakterlash mumkin?

Dmitriy Peskov: Ishchi ruhida.

RIA Novosti: Bu qisqa bo‘ldimi yoki davomli?

Dmitriy Peskov: Bu muloqot yakunlari bo‘yicha har ikki tomon bergan ma'lumotlarga qarab turib, o‘zingiz ham suhbat yetarlicha uzoq davom etgani haqida xulosa qilishingiz mumkin.

RIA Novosti: Ukraina mavzusi muhokamasidan qanday taassurotlar oldingiz? Siz nima deb o‘ylaysiz, bu u yerdagi keskinlik yumshashiga xizmat qiladimi? Vashingtonning bu mavzudagi kayfiyati qanaqaligini sezdingizmi?

Dmitriy Peskov: Men bu savolni uncha tushunmadim. Vashington Kiyevga bo‘lgan ta'siridan foydalangan holda ukrainlarni provokatsion harakatlardan voz kechishga unday oladi.

RIA Novosti: Sizningcha, u bu ta'siridan foydalanadimi yoki betaraflikni saqlab qoladimi?

Dmitriy Peskov: Bu savol bizga emas.

Top