13:51 / 15.04.2021
14055

MIBning Angren bo‘limi va Qoraqalpog‘iston boshqarmasidagi holatlar Senat tomonidan nazoratga olindi

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Angren MIB boshlig‘ining o‘z xodimlarini haqorat qilgani va MIB Qoraqalpog‘iston boshqarmasi xodimlarining korrupsiya va tazyiq o‘tkazish holatlari yuzasidan Bosh prokurorga yozgan shikoyatlari nazoratga olinganini ma'lum qildi.

Senat rasmiy bayonotida M.Yusupova xodimlarini kunlik rejasini bajarmagani uchun kasb odobnomasiga, insoniylik va ayollik fazilatlariga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagani ta'kidlangan.

“Mamlakatimizda inson qadri hamma narsadan ustun bo‘lib turgan bir paytda, afsuski, bunday “rahbarlar” ham uchramoqda.

Tabiiyki, ushbu holat senatorlarni ham befarq qoldirmadi. Shu bois, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Majburiy ijro byurosidan mazkur holat bo‘yicha byuroning Angren shahar bo‘limi boshlig‘ining xatti-harakatlarini atroflicha tahlil qilib, qonuniy chora ko‘rilishi va tegishli axborot taqdim etilishini so‘raydi,” – deyiladi bayonotda.

Shuningdek, senatorlar MIBning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari nomidan Bosh prokurorga yo‘llangan shikoyatni o‘rganish natijalari yuzasidan bayonot berilmaganiga ham e'tibor qaratdi:

“O‘z o‘rnida, mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan holda o‘rganib chiqilishi va natijasi yuzasidan rasmiy bayonot berilishi so‘raladi”.

Eslatib o‘tamiz, kecha 14 aprel kuni Kun.uz’da Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati Angren shahar bo‘limi boshlig‘i Mohizoda Yusupovaga tegishli ekani aytilayotgan audio e'lon qilingan edi.

MIB mansabdori ovozli xabarida kunlik rejani bajarmagan xodimlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilib, o‘ziga, xalqqa va MIBga dushmanlikda ayblaydi va mehnat qonunchiligiga zid ravishda yarim tunda majlisga borishi kerakligini aytib, ularga tahdid qiladi.

MIB matbuot xizmati xodimlar xavfsizligini ta'minlash va nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini olish bo‘yicha maxsus tarmoq holatni o‘rganib chiqib, aybdorlarga chora ko‘rilishini bildirgan.

Shuningdek, bir necha kun oldin MIB Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari boshqarmada tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, korrupsiya va tazyiq o‘tkazish holatlari ko‘payganidan norozilik bildirib, Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamalov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga ariza yozgandi.

Xodimlar ayrim tuman bo‘lim boshliqlarining prokuraturadagi tanishlariga ishonib ishga xohlasa kelib, xohlasa kelmasligi, ish vaqtida alkogol ichimliklar iste'mol qilishi, intizomiy jazo olgan holda tanishning kuchi bilan martaba darajalari olganini bildirgan va bosh prokurorning shaxsan nazorati ostida tekshiruv o‘tkazib, tizimni «tozalash»ni iltimos qilgan.

Shundan so‘ng, MIB matbuot xizmati byuroning markaziy apparati mas'ul xodimlari tomonidan murojaatda keltirilgan har bir vaj bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini ma'lum qilgandi.

Top