15:25 / 15.04.2021
6751

Zamin fondi 18ta maktab-internatda IT va robototexnika sinflarini tashkil etdi

Zamin fondi Toshkent shahri va viloyatlarda eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ixtisoslashgan 18ta maktabda IT va robototexnika sinflarini tashkil etdi. Fond vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etgan tadbirda Zamineducation.uz onlayn ta'lim platformasi ishga tushgani ham e'lon qilindi.

Foto: Zamin fondi

O‘zbekistonda 14 apreldan boshlab «Zamin Education» ta'lim platformasi va sinflari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Zamin fondi xabariga ko‘ra, «Zamin Education» loyihasining sinov bosqichi ijobiy natija bergach, uni butun respublika bo‘ylab yo‘lga qo‘yishga qaror qilingan.

«O‘zbekistondagi eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 18ta maktabda informatika sinflari zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Loyiha doirasida axborot texnologiyalari va robototexnika fanlarini o‘rgatish metodologiyasi joriy etildi.

Zamineducation.uz onlayn ta'lim platformasi ishga tushirildi», – deyiladi xabarda.

Loyiha start olishi munosabati bilan Toshkent shahrida tashkil etilgan tadbirda poytaxdagi 101-, 102- va 106-ixtisoslashtirilgan internat-maktab o‘quvchilari va informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Viloyatlarda joylashgan maktablar o‘quvchilari esa tadbirda onlayn-videoanjuman aloqasi orqali qatnashdi.

Ushbu sinflarda bolalarga Scratch, Arduino, Minecraft dasturlash tillari va robototexnika asoslari o‘rgatiladi. Ushbu maktablar o‘qituvchilari tegishli malaka oshirish kurslarini tamomlagan.

Avvalroq, mazkur 18ta maktab-internatda yil davomida 234ta kompyuter va 18ta interaktiv doska o‘rnatilishi ma'lum qilingandi.

Ma'lumot uchun, Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi Zamin fondi O‘zbekistonda inklyuziv ta'lim sharoitlarini yaxshilashni qo‘llab-quvvatlab keladi.

Xususan, fond ixtisoslashgan maktablar o‘quvchilari uchun koxlear implantatsiya (jarrohlik yo‘li bilan elektron protez o‘rnatish) dasturini yo‘lga qo‘ygan. Bu orqali har yili 30 nafar bolaning jarrohlik amaliyoti o‘tkazib beriladi.

Shuningdek, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini skrining tekshiruvidan o‘tkazish, eshitish qobiliyatida nuqson aniqlangan bolalar sog‘ligi uchun zaruriy choralar ko‘rish loyihasi sinov tariqasida Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yilgan.

Fond 300 nafar kam ta'minlangan bolalarda yurak operatsiyalarini o‘tkazishini ham ma'lum qilgan.

Top