07:08 / 16.04.2021
11446

Mercedes-Benz’ning ilk to‘liq elektrlashtirilgan sedani namoyish qilindi  

Daimler nemis avtokonserni Mercedes-Benz markasining ilk to‘liq elektrlashtirilgan sedani EQS’ning onlayn-taqdimotini o‘tkazdi. Ta'kidlanishicha, elektromobil bir quvvatlanishda 770 kmgacha yo‘l bosa oladi.  

EQS kompaniya hozirgacha ishlab chiqargan elektromobillari orasida eng kuchlisi hisoblanadi. Mashina intererining asosiy elementi katta displeyi – 1,4 metr uzunlikdagi asboblar paneli hisoblanadi. U uchta kichik ekrandan tashkil topgan. Salonning orqa qismida yo‘lovchilar uchun yana ikkita displey ko‘zda tutilgan.  

Daimler’ning ta'kidlashicha, elektromobil 107,8 kVt-soat sig‘imga ega akkumulyator batareyasi bilan jihozlangan bo‘lib, u mashinaga bir quvvatlanishda 770 km masofa bosish imkonini beradi. Mashinaning dastlabki versiyasi EQS 450+245 kVtli dvigatel bilan taklif qilinadi. Keyinroq yangi versiya — Mercedes-Benz EQS 580 4MATIC paydo bo‘ladi. U 385 kVtli dvigatel bilan jihozlanadi.  

Elektromobilning ikkala versiyasi joyidan 100 km/soat tezlikkacha mos ravishda 6,2 va 4,3 soniyada erishadi. Ularning maksimal tezligi 210 km/soatdan iborat.  

Mashinaning uzunligi 5216 mmni, eni 1926 mmni, balandligi 1512 mmni va og‘irligi 2,5 tonnaga yaqinni tashkil qiladi.  

Kompaniya hozircha ushbu elektr sedanining narxini ma'lum qilmayapti. Biroq u 100 ming dollardan kam bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda. 

Daimler 2030 yilgacha yengil mashinalar segmentida elektromobillar ulushini 50 foizdan ko‘proqqa oshirmoqchi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, 2021 yil 1-choragida kompaniyaning umumiy savdosida elektromobillar ulushi 10 foiznigina tashkil qilgan. 

Mavzuga oid
Top