08:23 / 16.04.2021
1395

Namanganda dastlabki 3 oy davomida jami sudlangan shaxslarning 224 nafari  takroran jinoyatga qo‘l urgan

Namangan viloyat sudida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda 2021 yil 1-chorak davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma'lumot berildi.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati, tuman (shahar) sudlari tomonidan jami 1 053 nafar shaxsga nisbatan 825  ta jinoyat ishi ko‘rilgan. 774 nafar shaxsga nisbatan 565 ta jinoyat ishlari hukm chiqarish bilan, 275 nafar shaxsga nisbatan 256 ta jinoyat ishi bo‘yicha harakatdan tugatish bilan, 4 nafar shaxsga nisbatan 4 ta jinoyat ishi bo‘yicha tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llash bilan yakunlangan.

Insonparvarlik tamoyiliga asoslangan holda 6 nafar shaxs oqlanib,  55 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan.

Ta'kidlanishicha, xotin-qizlarga doimiy ravishda moddiy va huquqiy taraflama yordam ko‘rsatib kelinayotgan bo‘lsa-da, ayrim ayollar yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga, jinoyatga qo‘l urmoqda.

2021 yil 1-choragida 109 nafar ayolga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rilgan bo‘lib, shundan 91 nafariga jazo tayinlab hukm chiqarilgan. 

2021 yil dastlabki chorak yakuniga ko‘ra, 21 nafar voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jazo tayinlab hukm chiqarilgan. 

2021 yilning dastlabki choragida ko‘rib tamomlangan jinoyat ishlari soha kesimida o‘rganilganda, eng ko‘p MChJ, HAJ, xususiy tadbirkor, fermer xo‘jaligi  rahbarlari va xodimlari, ta'lim tizimi xodimlari, tibbiyot sohasi vakillari, shuningdek, o‘quvchi, talabalar, bank xodimlarini tashkil etgan.

Namangan viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan 2021 yilning dastlabki 3 oyi davomida jinoyat ishlari bilan birgalikda 8 790 nafar shaxsga nisbatan 7 150 ta ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilgan bo‘lib, shundan 
5 554 nafar shaxsga ma'muriy jazo qo‘llanilgan va tomonlarning o‘zaro kelishib olgani sababli 3 236 nafar shaxs bo‘yicha ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar tugatilgan.

Namangan viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati va tumanlararo sudlari tomonidan 2021 yil 1-choragida 5 672 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan, 1 983 ta ariza bo‘yicha sud buyruqlari chiqarilgan. 

2021 yil 1-choragida sudlarda yer nizolari bilan bog‘liq ishlar soni  278 tadan 22 tagacha kamaygan. Shuningdek, sudning ish yurituvida bo‘lgan ishlarning 48 tasi bo‘yicha er-xotinlar yarashtirilib oila tiklangan.

Oilaviy nizolarning oldini olish yuzasidan 311 ta xususiy ajrim chiqarilgan. Nikohdan ajratish holatlari ko‘paygan tegishli tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga 4 ta taqdimnoma kiritilgan.

2021 yilning dastlabki 3 oyi davomida jami sudlangan shaxslarning 224 nafari yoki 21,3 foiz sudlanuvchilar o‘zlariga tegishli xulosa chiqarmagan holda takroran jinoyatga qo‘l urgan, ya'ni muqaddam sudlangan shaxslarni tashkil etgan.

Top