17:02 / 16.04.2021
4350

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobilga bo‘lgan talab o‘tgan yildagiga nisbatan o‘sgani ma'lum qilindi

 Joriy yil mart oyida ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab o‘tgan yilning martiga nisbatan 34,4 foizga, avtomobilga bo‘lgan talab 47,4 foizga o‘sdi.

Mart oyidagi tahlillar O‘zbekistonda aholining ko‘chmas mulk va avtotransport vositalariga bo‘lgan talabi o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatdi. Bu haqda Kun.uz’ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov ma'lum qildi.

Ko‘chmas mulk bozorida talabning o‘sishi

2021 yil mart oyida ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni fevral oyi bilan taqqoslaganda o‘zgarishsiz qoldi va 20,2 ming donani tashkil qildi. Bu o‘tgan yil mart oyidan 34,4 foizga ko‘pdir.

Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi

«Ko‘chmas mulk bozorining 30 foizdan ko‘prog‘iga egalik qiluvchi Toshkent shahrida oldi-sotdi shartnomalari soni 6,17 mingni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 0,9 foizga kamaydi.

2020 yil mos davri bilan taqqoslaganda esa o‘sish 32,6 foizni tashkil qildi. Bu o‘z navbatida, ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytganidan dalolat beradi», dedi markaz vakili.

Qayd etilishicha, hududlar kesimida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining eng yuqori o‘sish sur'atlari Navoiy (18 foiz), Farg‘ona (10,7 foiz), Jizzax (9,6 foiz) viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (10,4 foiz) kuzatildi.

Bu ko‘rsatkich Sirdaryo (8,6 foiz), Toshkent (8,1 foiz) va Xorazm (8 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada kamaydi.

«Mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishning asta-sekin tiklanayotgani va ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning oshib borayotgani an'anaviy ravishda narxlarni yanada oshirish mexanizmiga aylanishi mumkin.

Biroq hozirgi kunda ko‘chmas mulk bozorini qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan chora-tadbirlardan biri joriy yilda davlat tomonidan keng ko‘lamli uy-joy dasturini amalga oshirish boshlanganidir. Buning uchun yil oxiriga qadar 11,5 trillion so‘m (1,1 milliard dollar) yo‘naltiriladi. Bu esa o‘tgan yilgidan 4 barobar ko‘proqdir. Xususan, joriy yilda 45 ming oilani arzon uy-joy bilan ta'minlash rejalashtirilgan», deya qayd etdi Xalilulloh Hamidov.

Ma'lum qilinishicha, arzon uy-joylarning ko‘payishi hisobiga urbanizatsiya sur'atlarining tezlashishi kutilmoqda.

Bu ishbilarmonlik faolligi, talab va umuman odamlarning turmush darajasi yaxshilanishini anglatadi.

Avtomobil bozorida talabning o‘sishi

Mart oyida avtomobil bozorida aholi talabi fevral oyiga nisbatan 7,7 foizga oshib, qatorasiga ikkinchi oy barqaror o‘sish sur'atlarini ko‘rsatdi.

Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi indeksi

2020 yil mart oyi bilan taqqoslaganda avtomobillar savdosi o‘sishi 47,4 foizni tashkil qildi. O‘tgan yil mart oyida respublika bo‘yicha joriy etilgan lokdaun natijasida savdolar fevral oyiga nisbatan 34,6 foizga kamaygan.

 Xalilulloh Hamidovga ko‘ra, hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi (31,5 foiz), Xorazm (30,5 foiz), Jizzax (23,5 foiz) viloyatlarida ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni yuqori sur'atlarda o‘sdi.

 Buxoro (7,9 foiz), Qashqadaryo (7 foiz) va Andijon (4,3 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada kamayish kuzatildi.

 Avvalroq, fevral oyida ko‘chmas mulk savdosida o‘sish kuzatilayotgani xabar qilingandi. Unda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 2020 yil mos davriga nisbatan 19,7 foizga ortgani bildirilgan.

Top