10:41 / 16.04.2021
14142

Shahidlar xotirasi majmuasida boshlangan qurilish ishlari yuzasidan izoh berildi

Qurilish vazirligi Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida nimalar qurilishi to‘g‘risida ma'lumot berdi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda majmua o‘rab olingani to‘g‘risida xabar va fotosuratlar tarqalgan edi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilda Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida qurilish-ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilangan. 

Qurilish vazirligiga ko‘ra, u yerda:

  • qatag‘on qurbonlarining nomlari aks etgan ramziy kitob barpo etiladi;
  • ramziy rotonda rekonstruksiya qilinadi;
  • muzey xodimlari uchun alohida ma'muriy bino quriladi;
  • aholi uchun maishiy xizmat binolari, milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari quriladi;
  • ochiq amfiteatr va “Wi-Fi” hududlari barpo etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 1999 yil iyul oyida hukumat qarori asosida “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi tashkil etildi. 2000 yil 12 may kuni Toshkentning Yunusobod tumanida barpo etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi ochildi. 2001 yil 1 maydagi “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida”gi prezident farmoni asosida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi barpo etildi. Muzey 2002 yil 31 avgustda – mamlakatda ilk bor nishonlangan “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni”da tantanali ravishda ochildi.

Top