11:13 / 19.04.2021
7483

Ispaniya: talabalarga turar joy topishda yordam ko‘rsatish xizmati

Yevropaning bir qancha davlatlarida universitet talabalari (bakalavr, magistr, doktorant) va o‘qituvchilariga ijaraga olish uchun turar joy topishda yordam ko‘rsatish xizmati mavjud. Xizmatdan ham mahalliy, ham xorijiy talaba va o‘qituvchilar foydalanishi mumkin.

Jumladan, Ispaniyada ham shunday xizmatlar mavjud va biz ham hozirda yashab turgan uyimizni shunday xizmatdan foydalangan holda topganmiz. Bugun shu xizmat – Resa Housing platformasi va uning qanday ishlashi haqida so‘zlab bermoqchiman. Ispaniyaga o‘qishga kelmoqchi bo‘lganlarga foydasi tegishi mumkin.  

Resa Housing xizmati platformasining bosh sahifasi

Xizmat qanday ishlaydi?

Resa Housing xizmati (platformasi) Kataloniya muxtor hamjamiyatining ko‘pgina hududlarida, jumladan, Barselona va Jironada joylashgan oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabalar (o‘qituvchilarga ham) turar joy topishda yordam beradi.

Xizmat uy egalari bilan hamkorlikda ishlaydi: ularning ijara e'lonlari xizmat platformasiga joylanadi, xizmat ijarachilar bilan muloqot qilish, ularni uy egalari bilan uchrashtirish, ular o‘rtasida shartnoma tuzish va shu kabi boshqa ishlarni amalga oshiradi.

Bu xizmat O‘zbekistondagi Olx.uz, Uybor.uz kabi saytlarga o‘xshash emas. Chunki ushbu xizmatdan foydalanish uchun, albatta, biror universitetda talaba yoki o‘qituvchi bo‘lishingiz kerak. Talaba yoki o‘qituvchi bo‘lmaganlar xizmatdan foydalana olmaydi (Olx.uz, Uybor.uz kabi saytlar ham ko‘p, ularda odatda makler, ko‘chmas mulk agentliklari e'lonlari, ayrim hollarda uy egalarining e'lonlari bo‘lib, ular faqat talaba va o‘qituvchilarga yo‘naltirilmagan, umumiy saytlar).

Bunda, dastlab, xizmat saytidan ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida shaxsingizga oid ma'lumotlar bilan birga universitetingiz, fakultetingiz va universitetdan biror mas'ul shaxs kontaktlarini kiritasiz. Xizmat sizning chindan talaba yoki o‘qituvchi ekaningizni shu shaxsdan aniqlab oladi.

Ro‘yxatdan o‘tgach, saytdan o‘z hududingizni tanlab, mavjud kvartiralarni ko‘rib chiqasiz. Platformada turar joy izlashda qachon ko‘chib kirish va chiqib ketish sanangiz, qanday turar joy izlayotganingizni (to‘liq kvartira, xona yoki uy egasi bilan birga yashaladigan uy) ham belgilab qidirishingiz mumkin. Sizga ma'qul turar joy topilgach, ijaraga olish haqida so‘rov yuborasiz.

Jirona shahri, Barri Vel mahallasidan izlanganda chiqqan kvartiralardan biri. Kvartira 3 xonali va narxi oyiga 775 yevro ekanini ko‘rish mumkin, tavsifda kommunal to‘lovlar alohida to‘lanishi yozilgan (2021 yil, 11 aprel).

So‘ng xizmat vakili so‘rovingizga javob yozib, kvartirani ijaraga olish uchun nimalar qilish kerakligini aytadi.

Odatda bunday xizmatlardan kvartira olishingizda 2 oylik ijara puliga teng miqdordagi summani depozit sifatida topshirasiz (ko‘chmas mulk agentliklari, maklerlar va uy egasidan kvartira olsangiz ham depozit summasi topshiriladi). Ijara muddati tugagach, bu summa o‘zingizga qaytariladi (30 kun muddat ichida).

Lekin kvartiradan chiqishingizda nimanidir buzgan, sindirgan yoki nimagadir shikast yetkazgan bo‘lsangiz, ularning haqi depozit pulidan ushlab qolinadi. Qolgani qaytariladi.

So‘rov yuborganingizdan so‘ng kvartira egasi uyni sizga ijaraga berishga rozilik berishi kerak (ro‘yxatdan o‘tganingizdagi ma'lumotlaringizni ko‘rib chiqadi). Rozilik berilgach, kvartira siz uchun band qilinadi va saytda «Band qilindi» yorlig‘i qo‘yiladi.

Kvartirani saytdan band qilgach, 48 soat ichida depozit summasi, kvartiraning 1-oyi uchun ijara haqi va xizmat to‘lovini o‘tkazishingiz (to‘lashingiz) kerak bo‘ladi. Agar 48 soat ichida to‘lovlarni amalga oshirmasangiz, tanlagan kvartirangiz saytda boshqalar ijaraga olishi uchun yana ochib qo‘yiladi.

To‘lovlarni amalga oshirganingizdan keyin xizmat ofisiga borasiz. Xizmat vakili sizni uy egasi bilan tanishtiradi, ijara shartnomasi shartlarini ikkalangizga ham tushuntiradi. So‘ng shartnomani imzolab, uy egasi bilan kvartiraga borasiz. Uy ko‘rsatiladi, kalitlar topshiriladi, masala – hal.

Aytganimdek, biz ham hozir yashab turgan uyimizni Resa Housing orqali topganmiz. Uy 3 xonali va ijara haqi oyiga 650 yevro (kommunal to‘lovlari ichida). Bu Jirona uchun juda yaxshi narx, 3 xonali kvartirani bu narxga topish mushkul.

Quyida yashab turgan uyimiz suratlari keltirilgan.

Biz Resa Housing xizmati orqali ijaraga olgan uyning umumiy xonasi

 

Uydagi darsxona
Uy oshxonasi
Kir yuvish mashinasi, tozalash asboblari va oyoq kiyimlar javoni uchun ajratilgan xona
Yotoqxona derazasi va uning yonidagi uy jihozlari

Xizmat narxi qancha?

Bundan bir necha oy oldingi vaqtlargacha mazkur xizmat haqi ko‘chmas mulk agentliklari/maklerlarning xizmat haqidan 3-5 barobarga arzon edi: Resa Housing o‘z xizmati uchun har bir ijarachidan 85 yevro olardi. Masalan, biz ikki kishi uchun (men va rafiqam) xizmat haqi sifatida 170 yevro to‘laganmiz.

Lekin yaqindan boshlab Resa Housing platformasi xizmat haqini oshirdi: hozirda (2021 yil, aprel) bu haq tuziladigan ijara shartnomasi summasining 8% ga teng, biroq xizmat haqi 200 yevrodan kam va 599 yevrodan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Ya'ni siz 400 yevrolik xonani 10 oy uchun ijaraga olsangiz, ijara shartnomasi summasi 4000 yevro bo‘ladi. Buning 8 foizi 320 yevro bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘rsatilgan xizmat uchun 21% QQSni ham to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

Ko‘chmas mulk agentlik va maklerlarning xizmat haqi odatda olayotgan kvartirangizning 1 oylik (ba'zan 2 oylik) haqiga teng. Shuningdek, QQSni ham to‘lashingiz lozim.

Afzalliklar

Bunday xizmatlar talaba va o‘qituvchilar uchun juda qulay va hamyonbop. Jumladan, xizmatning afzalliklari quyidagilardan iborat:

1. Ishonchli va qulay. Aynan talabalarga emas, umuman, istalgan kishilarga mo‘ljallangan, agentliklar ham, uy egalari ham ijara e'lonlarini qo‘yuvchi saytlar anchagina. Bunda uy egasi qo‘ygan e'lon orqali kvartirani ijaraga olsangiz, xizmat haqi to‘lamaysiz. Lekin bunday e'lonlar orqali ijaraga olish 2 noqulay jihatga ega:

a) E'lonni qo‘ygan shaxs firibgar bo‘lishi, unga so‘rov yuborsangiz, tezroq depozitni to‘lashingiz, bo‘lmasa kvartirani boshqaga berib yuborishini aytishi, depozitni olgach, g‘oyib bo‘lishi mumkin. Bunday firibgarlik Ispaniyada keng tarqalgan. Resa Housing kabi xizmatlar bilan firibgarlar xavotiridan xalos bo‘lasiz.

b) Uy egasi ingliz tilini bilmasligi mumkin. Agar ingliz tilida o‘qishga kelayotgan bo‘lsangiz va ispan/katalan tilini bilmasangiz, ingliz tilidan bexabar uy egalari (ko‘pchilik bexabar) siz bilan gaplashmasligi va turar joy topish qiyin kechishi hamda ko‘p vaqt olishi mumkin. Resa Housing kabi xizmatlar esa ham inglizcha, ham ispancha/katalancha so‘zlashuvchi xodimlarga ega.

2. Xizmat ijara borasida aynan talaba va o‘qituvchilar mushkulini yengil qilish uchun yo‘lga qo‘yilgani sababli platformadagi barcha uylarda deyarli hamma narsa bo‘ladi. Biz ijaraga olgan uyda ham barcha narsa hozir: idish-tovoq (nihoyatda turli va ko‘p), televizor, muzlatkich, konditsioner, kir yuvish mashinasi, kofe qaynatadigan maxsus elektr choynak, mikroto‘lqinli pech, toster, dars stol va kursilari, ovqat stol va kursilari, elektr plita, blender, dazmol va dazmol stoli, soch quritkich va h.k.

3. Doimiy yordam. Ijara davri mobaynida ijara va kvartiraga oid har qanday muammo yoki masalani mazkur xizmat orqali hal qilishingiz mumkin.

4. Xizmat haqi makler (ko‘chmas mulk agentliklari)ning xizmat haqidan arzonroqqa tushishi mumkin (ba'zan arzonga tushmaydi).

Noqulayliklar

Albatta, bunday xizmatning noqulaylik, bir oz qiyinchilik tug‘diruvchi tomonlari ham bor. Ular quyidagilar:

1. Xizmat haqi talabaga qimmatlik qilishi mumkin. Xizmat haqi aksariyat hollarda ko‘chmas mulk agentliklari haqidan arzonroqqa tushsada, bari bir anchagina summa bo‘ladi. Uy egasining o‘zi qo‘ygan e'lon orqali topsangiz hech qanday xizmat haqi to‘lamaysiz. Lekin ispan yoki katalan tilini bilmasangiz, uy egasi bilan muloqot qilishingiz qiyin kechadi.

2. Oilangiz bilan kelsangiz va oila a'zongiz talaba bo‘lmasa, qo‘shimcha amallar zarur. O‘zingiz talaba bo‘lib, turmush o‘rtog‘ingiz talaba bo‘lmasa va Kataloniyaga u bilan birga kelayotgan bo‘lsangiz, mazkur xizmatdan foydalanish uchun qo‘shimcha harakatlar talab etiladi. Chunki platformadan uyni ijaraga oluvchi har bir shaxs (oila a'zosi bo‘lsa ham) alohida ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Platforma esa talaba bo‘lmaganlarga xizmat ko‘rsatmaydi.

Lekin bu masalani hal qilsa bo‘ladi: bunda turmush o‘rtog‘ingizni ham o‘z universitetingiz va fakultetingiz talabasi sifatida ko‘rsatib, sizning talaba ekaningizni tasdiqlovchi universitet xodimiga bu haqida xabar berishingiz mumkin. Universitet xodimi sizni talaba ekaningiz va turmush o‘rtog‘ingiz bilan kelayotganingizni tasdiqlaydi. Bunday usulga Resa Housing ham qarshilik bildirmaydi. Resa Housing xizmatiga turmush o‘rtog‘ingiz masalasi haqida yozsangiz, ularning o‘zi ham xuddi shunday qilishni aytadi (Resa Housing xizmatini oldindan bu haqida ogohlantirgan ma'qul). Demak, bu jihatni ham, bir oz qo‘shimcha harakatlar talab qilsada, bemalol hal qilsa bo‘ladi.

3. Kvartirani faqat to‘lov qilib bo‘lganingizdan keyin ko‘ra olasiz. Platformada kvartira rasmlari joylanadi. Ular anchagina ko‘p bo‘ladi va shu rasmlar talabani kvartira/uy haqida to‘liq tasavvur bilan ta'minlashi kerak. Chunki talaba kvartirani faqat to‘lov qilib, shartnomani imzolagandan keyin ko‘ra oladi.

Albatta, uy suratlardagidan ancha yomon bo‘lsachi, degan o‘y xayolga kelishi mumkin. Lekin bu ehtimoldan bir oz uzoq: xizmat suratlarning uy holatini maksimal darajada aniq tasvirlab berishini talab qiladi.

4. Bir vaqtda faqat bitta kvartira/uy/xonani ijaraga olish uchun band qila olasiz. Birdan 2 yoki undan ortiq turar joyni band qilib bo‘lmaydi. Mabodo 1-bo‘lib band qilgan kvartirangiz egasi uyini sizga berishga rozi bo‘lmasa (uy egasi uzog‘i bilan 2 sutka ichida javobini aytishi kerak), kutish vaqtida sizga mos bo‘lgan boshqa kvartiralarni boshqalar band qilib qo‘yishi mumkin.

Maqsud Salomov
Ispaniya

Mavzuga oid
Top