21:15 / 20.04.2021
13220

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarilishi 40 foizdan ko‘proqqa kamaydi

Joriy yilning birinchi choragida avtomobil ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. Bunga yanvar oyida Asakadagi zavodda ishlarning to‘xtatilishi va pandemiya davridagi yarimo‘tkazgichli mahsulotlarning tanqisligi sabab bo‘lishi mumkin.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-mart oylarida 44 ming 454 dona avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda 41,2 foizga kam hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil yanvar-mart oylarida 75 ming 635 dona avtomobil ishlab chiqarilgan.

Eng katta kamayish Spark ishlab chiqarishda qayd etilib, 78,2 foizni tashkil qilmoqda. Shuningdek, Nexia T-250 ishlab chiqarish ham 66,4 foizga pasaygan.

«O‘zavtosanoat» boshqaruv raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov Oliy Majlis deputatlari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda kompaniya 2020 yilda Spark va Nexia ishlab chiqarishdan 550 mlrd so‘m pul yo‘qotganini aytib o‘tgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z navbatida qimmat mashinalardan 500 mlrd so‘m foyda ko‘rilgan. Ayni paytda zararga ishlaydigan avtomobil modellarini ishlab chiqarishda eng katta pasayish bo‘layotganini kuzatish mumkin.

Zavodda ishlab chiqarish jarayonining pasayishi yanvar oyidan boshlangan edi. Joriy yilning dastlabki oyida ishlab chiqarish jarayoni 4,2 barobarga qisqargan. Bu pasayish dekabr–yanvar oylarida Asakadagi zavodda ishlarning to‘xtatilishi bilan izohlangan.

Fevral oyiga kelib, ishlab chiqarish jarayoni jonlana boshlagan va yanvar oyiga nisbatan 4 barobar ko‘paygan. Ammo 2020 yilning mos davri bilan solishtirilganda bu ko‘rsatkich pastligicha qolgan.

Kompaniyaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ishlab chiqarishning kamayishiga pandemiya sabab butun dunyoda kechayotgan yarimo‘tkazgichli mahsulotlarning tanqisligi sabab bo‘lgan. Shu sabab ishlab chiqariladigan avtomobillarni yetkazib berish muddatlari ma'lum davrga cho‘zilishi mumkinligi aytilmoqda.

Yanvar oyida «O‘zavtosanoat» yangi avloddagi Tracker’ning LT modifikatsiyasi narxi 222 mln so‘m bo‘lishini ma'lum qilgandi, ammo yakunda bu model aytilganidan 10 million qimmat – 232 mln so‘mdan sotuvga chiqarildi.

Mart oyida O‘zbekistonda yangi avlod Chevrolet Equinox va Tracker avtomobillari sotuvga chiqdi.

Shuningdek, kompaniya xorijdan import qilinadigan Malibu 2 LTZ avtomobili narxini 324,4 mln so‘mdan 369 mln so‘mga ko‘targani xabar qilingandi. Bu dollar kursining o‘sishi, Koreya Respublikasi voni kursining dollarga nisbatan mustahkamlanishi, pandemiya va boshqa omillar natijasida logistika narxining dunyo miqyosida o‘sishi bilan izohlangan.

Top