18:32 / 20.04.2021
28419

Toshkentda 8 yoshli bola ustiga arg‘imchoq ustuni qulashi oqibatida vafot etdi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Facebook / Viktor Topchiy

Hodisa 2021 yilning 17 aprel kuni Toshkent shahri Bektemir tumani «Suvsoz» dahasidagi bolalar maydonchasida sodir bo‘lgan.

Shu kuni «Suvsoz-1» dahasidagi 1, 2 va 3-uylar hovlisida joylashgan bolalar maydonchalarini ta'mirlash ishlari olib borilgan. Marhum bolaning otasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan videomurojaatda tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlari tomonidan tegishli ehtiyot choralari ko‘rilmagani natijasida fojia ro‘y bergani aytilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, atrofi o‘ralmagan ta'mirlash joyida xavfsizlik va tartibni nazorat qilib turuvchi shaxs bo‘lmagan. Natijada istalgan bola ta'mirlash ishlari olib borilayotgan maydonchaga kirishi mumkin bo‘lgan.

Foto: Facebook / Viktor Topchiy

«Kenja farzandim endigina sakkiz yoshga to‘lgandi. U uyimiz yonidagi bolalar maydonchasida o‘ynayotgandi. Qulab tushgan attraksion yerga yetarlicha mustahkamlanmagan ekan. Atrofida hech qanday to‘siq yo‘q edi. Bolam ushbu attraksion yoniga borganda arg‘imchoq ustuni uning ustiga qulab tushadi va u uch soniyada jon beradi.

Tushunaman, bu yerdagi ta'mirlash ishlari hammasi farzandlarimiz uchun qilinyapti. Lekin bu ishlar umuman xavfsizlik talablariga javob bermaydi. Hudud tegishli me'yorlar asosida to‘silmagan. Buning oqibatida mana shu fojia yuz berdi.

Bolalar maydonchamiz eski bo‘lgani uchun ikki haftalar oldin yangidan ta'mirlangan edi. Ta'mirlash ishlari tugagandan keyingi kunlarda ham, farzandim bu yerda o‘ynab yurardi, halok bo‘lgan kuni ham hech kim bizga bolalar maydonchasi hali tayyor emasligi yoki obodonlashtirish ishlari yakuniga yetmagani haqida ogohlantirgani yo‘q», deydi marhumning otasi.

O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur ish Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan tergov qilinmoqda.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari Irina Sayfuddinovaning bildirishicha, 8 yoshli bolaning o‘limi holati yuzasidan Bektemir tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qismining «a» bandi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘lishiga olib kelsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Bundan tashqari, ro‘y bergan holat yuzasidan qator ekspertizalar, shu jumladan, sud tibbiy va sud qurilish-texnik ekspertizalari tayinlagan. Ayni paytda tergov davom etmoqda», deydi u.

Mavzuga oid
Top