14:10 / 20.04.2021
4916

Toshkentdagi 1 va 3-sonli klinik shifoxonalarda o‘tkazilgan noqonuniy «tenderlar» bekor qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma'lum qilishicha, «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida Sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridi jarayonlari o‘rganilganida, «Davlat xaridlari to‘g‘risida» va «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunlar talablari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlangan.

Xususan, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 40-moddasiga (davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlash) xilof ravishda Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi xarid komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovga «Z.S.» MChJning taqdim qilgan hujjatlari ko‘rib chiqilmagan hamda taklifi asossiz ravishda rad qilingan.

Shuningdek, qonunning 53-moddasida buyurtmachi maxsus axborot portaliga tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lon bilan bir vaqtda joylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjat va ma'lumotlar ro‘yxati keltirilgan bo‘lsa-da, 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi ishtirokchilarga tanlov hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, texnik topshiriq, takliflarni baholash mezonlari va ko‘rib chiqish tartibi hamda tanlov hujjatlariga ularning ajralmas qismi bo‘lgan shartnoma loyihasi ilova qilinishi ta'minlanmagan.

Bundan tashqari, Toshkent shahar 3-sonli klinik shifoxonasi buyurtmachiligidagi 92,4 mln. so‘mlik autsorsing xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda qonunbuzilish holatlari kuzatilgan.

Xususan, buyurtmachi tomonidan «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 25-moddasiga zid ravishda autsorsing xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda talabgorlarga davlat xaridlari shartlarida nazarda tutilmagan talablarni qo‘ygan va mazkur shartlar asosida g‘olibni aniqlagan.

Shuningdek, shifoxona tomonidan «Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 77-bandi talablariga zid ravishda «Takliflarni ro‘yxatga olish kitobi» umuman yuritilmagan va talabgorlarning biror taklifi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi va 3-sonli klinik shifoxonasi tomonidan qonun talablari buzilgan holda o‘tkazilgan ushbu tanlovlar Aksilkorrupsiya agentligining taqdimnomasi asosida bekor qilindi.

Mavzuga oid
Top