08:48 / 20.04.2021
3746

Yerlarning sho‘rini yuvish ishlarini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning sho‘rini yuvish ishlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Prezidentning 2020 yil 11 dekabrdagi «Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash, shuningdek suvdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida quyidagilar belgilandi:

  • yerlar sho‘rini yuvish ishlari Suv xo‘jaligi vazirligining meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan ishlab chiqiladigan va ilmiy asoslangan tavsiyalar bo‘yicha maqbul muddatlarda va sho‘r yuvish normalariga amal qilgan holda amalga oshiriladi;
  • yerlar sho‘rini yuvish ishlari har uch yilda kamida bir marta amalga oshiriladi;
  • sho‘r yuvish ishlari uchun suv olish xizmat ko‘rsatadigan foydalanuvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq ajratilgan suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi hamda suvning hisobi va hisoboti yuritiladi;
  • sho‘r yuvish uchun berilgan suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • suv iste'molchilari Soliq kodeksi 442-moddasi talablaridan kelib chiqib, sho‘r yuvish ishlari uchun ajratilgan suv olish limitidan ortiqcha suv olingan taqdirda belgilangan tartibda suvdan foydalanganlik uchun soliqqa tortiladi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:

  • sho‘r yuvish ishlarini rejalashtirish;
  • belgilangan normalarga muvofiq sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirish tartibi;
  • suvdan foydalanish va suvning hisobini yuritish tartibi.

Nizomga muvofiq, har yili 1 oktyabrga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan suv resurslari prognozlariga asosan xizmat ko‘rsatadigan foydalanuvchi tashkilotlarning suv olish limitlari tasdiqlanadi. So‘ngra 20 oktyabrga qadar agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi boshqa tashkilotlar bilan suv olish limitlari asosida suvdan foydalanish va suv iste'moli rejalari, shuningdek tegishli shartnomalar tuziladi.

Har yili 1 noyabrga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan hududlar bo‘yicha meliorativ kadastr hujjatlari ishlab chiqiladi. 20 noyabrga qadar suv iste'molchilari tomonidan ularga berilgan tavsiyalar va suv iste'moli rejalariga asosan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlari rejalari ishlab chiqiladi.

Top