20:16 / 22.04.2021
3155

So‘g‘d, Batken viloyati delegatsiyalari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi

So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi Tojikiston hamda Batken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliyev boshchiligidagi Qirg‘iz delegatsiyasi Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Vodildagi viloyat hokimligi “Qabullar uyi”da “Chegaraoldi hududlar integratsiyalashuvi – rivojlanish garovi” mavzusidagi xalqaro biznes-forum oldidan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, ikki qo‘shni davlat delegatsiya a'zolarining kengaytirilgan tartibdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov uchrashuvda so‘z olib, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining hududlararo savdo-iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi hamkorligini yanada rivojlantirish uchun bir qator takliflarni ilgari surdi.

Jumladan, viloyat rahbari Beshariq tumanida Tojikiston bilan chegara hududida “Andarxon” nazorat-o‘tkazish punkti yonidagi maydonda “Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi”ga bog‘liq Erkin savdo zonasi tashkil etish bo‘yicha loyiha ishlari davom etayotgani, bu esa har ikki mamlakatdan erkin kirish va chiqish imkoniyati yaratishi, mintaqaviy ulgurji va chakana savdoni rivojlantirish uchun katta qadam bo‘lishini ta'kidladi.

Xayrullo Bozorov, shuningdek, Farg‘onada Batken va So‘g‘d savdo uylarini, chegaradosh bu ikki viloyatda esa Farg‘ona savdo uyini tashkil etish, oliy ta'lim sohasida professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘zaro almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi bir qator takliflarni ilgari surdi. 

So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda Tojikiston ham paxta xom-ashyosi eksportidan voz kechish harakatida ekanini bildirib, Farg‘ona viloyati tadbirkorlari uchun paxtani qayta ishlash va tekstil sohasida hamkorlik istiqbollari ochilayotganini ta'kidladi. Ahmadzoda Farg‘ona vodiysiga sifatli va arzon ko‘mir eksporti qilish imkoniyati mavjudligini ta'kidladi.

Uchrashuvda so‘z olgan Batken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliyev, Qirg‘izistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a'zosi ekani Farg‘ona va So‘g‘d viloyati biznesi uchun qo‘shimcha imkoniyat yo‘lagi ekanini ta'kidladi. 

Uchrashuvdan so‘ng Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida delegatsiya rahbarlari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “Chegaraoldi hududlar integratsiyalashuvi – rivojlanish garovi” mavzusidagi xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Forum avvalida mehmonlar viloyatda ishlab chiqarilgan tekstil, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, charm, qurilishi mahsulotlari, tibbiyot jihozlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Biznes-forumda har bir viloyat rahbarlari tomonidan o‘z viloyatlari iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari haqida ma'lumot berildi. Biznes-forum ishtirokchilari e'tiboriga har uch viloyat haqida ma'lumot jamlangan videorolik namoyish etildi.

“Chegaraoldi hududlar integratsiyalashuvi – rivojlanish garovi” mavzusidagi xalqaro biznes-forum yakunida Xayrullo Bozorov va Rajabboy Ahmadzoda tomonidan Farg‘ona viloyati va So‘g‘d viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

Beshariq tumani va Konibodom shahri, Buvayda tumani va Guliston shahri, Dang‘ara va Bobojon G‘ofurov tumanlari, O‘zbekiston tumani va Isfara shahri, Uchko‘prik tumani va Bo‘ston shahri, Farg‘ona tumani hamda Batken viloyatining Qadamjoy tumani o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Delegatsiya a'zolari ertaga 23 aprel kuni “Qo‘qon” EIZga tashrifi doirasida  bir qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.

Sarvar Ziyayev

Top