17:59 / 23.04.2021
25516

Bosh prokuror o‘tgan yili Shahrisabzda o‘ziga qo‘shib turmush o‘rtog‘i va 3 nafar farzandini vahshiylarcha yoqib yuborgan erkak voqeasiga to‘xtaldi

Nig‘matilla Yo‘ldoshevga ko‘ra, ushbu fojia e'tiborsizlik va mas'uliyatsizlikning ayanchli oqibati hisoblanadi. Bu haqda u 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisidagi hisobotida to‘xtalib o‘tdi.

«Jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligi, avvalo, barcha davlat idoralari, mahalla, keng jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikka uzviy bog‘liq. Afsuski, hali bunday hamkorlikni bekamu-ko‘st yo‘lga qo‘ydik, jamiyatda huquqbuzarlikka murosasiz muhitni to‘la shakllantirdik deb ayta olmaymiz. Shahrisabz shahrida Narimovlar oilasi bilan ro‘y bergan mudhish holatdan ijtimoiy tarmoqlar orqali yaxshi xabardorsiz deb o‘ylayman.

2020 yil 30 iyul kuni Narimov turmush o‘rtog‘i bilan kelishmovchilik oqibatida avtomashinasiga o‘zini, turmush o‘rtog‘ini hamda 6, 11 va 12 yoshli 3 nafar go‘dak farzandlarini qamab, ustilariga benzin sepib, vahshiylarcha yoqib yuborgan. Oqibatda, butun oila fojia qurboniga aylandi.

Jinoyat sabablari o‘rganilganda, er-xotin o‘rtasida rashk tufayli uzoq muddat o‘zaro kelishmovchilik, janjal davom etib kelgani aniqlandi. Buning ustiga, Narimov muqaddam sodir etgan jinoyati uchun Shahrisabz shahri probatsiya xizmati hisobida ham turgan. Bundan qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla va qarindosh-urug‘ to‘la xabardor bo‘lsa-da, oiladagi ziddiyatlarni bartaraf qilish choralarini ko‘rmagan, profilaktika inspektori ham, boshqalar ham bunga e'tibor bermagan. Mana, birgina e'tiborsizlik va mas'uliyatsizlikning ayanchli oqibati», deya Nig‘matilla Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 30 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida yashovchi erkak shaxsiy avtomobilida ketayotgan paytda turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qoladi va avtomobil eshiklarini yopib, uch nafar farzandi, turmush o‘rtog‘i va o‘ziga benzin sepib, yoqib yuborgan, oilaning barcha a'zosi kuyish oqibatida vafot etgandi.

Shahrisabz shahrining «Guliston» mahallasida yashagan ushbu oila notinch oila sifatida ro‘yxatda turgan.

Top