12:05 / 23.04.2021
13531

Nigina O‘ktamova o‘zbekistonlik ayol bokschilar o‘rtasida ilk jahon chempioniga aylandi

Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida -54 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nigina O‘ktamova jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatining qizlar orasidagi final janglarida O‘zbekistondan ikki vakil ishtirok etdi.

-54 kg vazn toifasida janglarda ishtirok etuvchi samarqandlik Nigina O‘ktamova ukrainalik Kristina Lakichukka qarshi ringga chiqdi va 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. 

Nigina O‘ktamova o‘zbek bokschi qizlari orasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchiga aylandi. Bungacha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi qizlari xech qachon JCh finaliga qadar yetib kela olishmagandi.

Bu turnirda finalga chiqqan yana bir o‘zbekistonlik sportchi Mohinabonu Abdullayeva (-64 kg) esa kumush medal bilan kifoyalandi. U rossiyalik Azaliya Aminevaga qarshi bellashuvda mag‘lub bo‘ldi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik bokschi qizlar yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini 1ta oltin, 1ta kumush va 4ta bronza medali bilan yakunlashdi.

Mavzuga oid
Top