23:12 / 23.04.2021
20650

Yo‘llardagi qoidabuzarliklarni aniqlash uchun xususiy kameralar o‘rnatish tartibi belgilandi

Belgilangan joylarda radar o‘rnatish huquqi tadbirkorlarga auksionda, cheklanmagan muddatga sotiladi. Dastlabki bir yilda jarimalar summasidan 50 foizi, keyingi yildan esa 25 foizi tadbirkorga o‘tkaziladi.

21 aprel kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi tasdiqlandi.

Hujjatda qayd etilishicha, tadbirkorlar tomonidan yo‘llarda qoida buzilishini foto va video qayd etish tizimi o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan joylarning elektron onlayn-auksionlari «E-IJRO AUKSION» orqali amalga oshiriladi.

Obekt onlayn auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorga mulk huquqi asosida cheklanmagan muddatga, boshqa tadbirkorlarga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi.

Tizim o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan joy dislokatsiyasi, mazkur hududdagi transport oqimi va oxirgi 2 yilda aniqlangan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar ochiq e'lon qilinadi.

O‘rnatiladigan joylarning boshlang‘ich narxi 735 000 so‘mdan 8 575 000 so‘mgacha belgilandi.

Tizim o‘rnatilgach, 10 kun davomida sinov tariqasida ishlatiladi va bu davrda qayd etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha jarima undirilmaydi.

Tadbirkorlarga tegishli kameralar orqali aniqlangan qoidabuzarliklardan undirilgan jarimalar quyidagicha taqsimlanadi:

a) Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tizim ishga tushirilgan kundan boshlab 1 yil mobaynida:

  • 50 foizi – tadbirkorlik sub'yekti hisobiga;
  • 15 foizi – respublika budjetiga;
  • 10 foizi – IIV budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
  • 15 foizi – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga;
  • 5 foizi – DXX huzuridagi «Kiberxavfsizlik guruhi» davlat unitar korxonasiga;
  • 5 foizi – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga ko‘maklashish markaziga «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini to‘laqonli joriy etish uchun yo‘naltiriladi.

b) Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tizim ishga tushirilganidan 1 yil o‘tganidan so‘ng:

  • 25 foizi – tadbirkorlik sub'yekti hisobiga;
  • 20 foizi – respublika budjetiga;
  • 15 foizi – IIV budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
  • 25 foizi – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga;
  • 5 foizi – DXX huzuridagi «Kiberxavfsizlik guruhi» davlat unitar korxonasiga;
  • 10 foizi – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga ko‘maklashish markaziga «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini to‘laqonli joriy etish uchun yo‘naltiriladi.

Tizim Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining axborot tizimiga majburiy tartibda integratsiya qilinadi.

Tizim qoidabuzarliklarni aniqlashda uch va undan ortiq marotaba xatolikni qayd etsa, obektga nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinishi mumkin.

Tizim tomonidan qoidabuzarliklar noto‘g‘ri aniqlanganda, tadbirkorlar ularni sodir etgan deb topilgan shaxsga yetkazilgan barcha moddiy zararni qoplashga majbur.

Mavzuga oid
Top