20:23 / 24.04.2021
16621

3 mingta sub'yektga muhofaza zonalari va qirg‘oqbo‘yi hududlardan yer ajratilgan. Bosh prokuror bu yerlar qaytarib olinishini aytdi

Senat yalpi majlisida so‘zga chiqqan bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tabiatga zarar yetkazish bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlariga to‘xtaldi.

«Tegishli joylarga chiqib o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, birgina Toshkent viloyatidagi korxonalardan hozirgi kunda atmosferaga 270 ming tonnaga yaqin zaharli moddalar chiqadi.

Bundan tashqari, qirg‘oq zonalari, suv bo‘yi, daryobo‘yi hududlaridan hokimlarimiz ko‘plab yerlar ajratib bergani aniqlandi. 3 mingta sub'yektga muhofaza zonalari va qirg‘oqbo‘yi hududlardan yer ajratilgan.

Hozirgi kunda biz prokurorlar bunga o‘z munosabatimizni bildirib, bu yerlarni qaytarib olish, suvlarni, qirg‘oqlarning tabiiy holatini saqlab qolish bo‘yicha ish olib boryapmiz.

Yana bir ayanchli holat – qirg‘oqbo‘yi yoki suv o‘zanlaridan qum, tosh-shag‘allarni olib chiqib ketish holatlari ham keskin avj olgan. Bu ham tabiatga zarar yetkazish bilan barobar. Bunga ham o‘z munosabatimizni bildirganmiz», – dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Top