14:16 / 25.04.2021
14050

Energetika sohasiga budjetdan katta mablag‘lar sarflanmoqda. Bu qancha vaqtda natija beradi?

Nega O‘zbekistonda oxirgi paytlar energetika sohasiga yirik mablag‘lar yo‘naltirilmoqda? Tizimdagi islohotlar so‘nggi 3–4 yilda boshlangani rostmi? Energetika taqchilligi qachon barham topadi? Bular doimiy yangraydigan va hamon javob izlanayotgan savollar yig‘indisidan parcha.

So‘nggi vaqtlarda davlat qarzi iqtisodchilar va turli soha vakillari tomonidan keng muhokama qilina boshlagan mavzulardan biriga aylandi.

Ayrimlarda qarz davlat kelajagi uchun katta risk ekani to‘g‘risida fikrlar yangrasa, Moliya vazirligi vakillari bu normal holatligini, qarzlarni to‘lashga imkoniyat yetarli ekanini ta'kidlab kelmoqda.

O‘z navbatida, davlat tashqi kreditining qay sohalarga sarflanayotgani ham mavzuning ajralmas qismlaridan. Xususan, energetikaga yo‘naltirilgan qarz mablag‘larining salmog‘i nisbatan yuqori.

Moliya vazirligi keltirgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yil yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining (21,1 mlrd dollar) 3,1 mlrd dollari (14,6 foiz) elektr energetikasiga, 2,6 mlrd dollari (12,4 foiz) energetika sohasiga yo‘naltirilgan.

Bu qadar yirik mablag‘lar, qolaversa, qarzning katta qismi nega aynan energetikaga sarflanayotgani, mazkur xarajatlar o‘zini qay darajada oqlayotgani va pullar nimalarga xarjlanayotgani mavzuga asos bo‘lmoqda.

To‘g‘ri, bugungi zamonda energetikasiz inson ham, iqtisodiyot ham og‘ir ahvolga tushadi. Uni rivojlantirish, avvalo, aholi ehtiyoji, ishlab chiqarish va boshqa o‘nlab tarmoqlar uchun zarur.

Ammo hozirda mablag‘ sarfining ko‘proq qismi budjet kamomadiga yo‘naltirilgani durust degan qarashlar ham bor.

O‘tgan 30 yil davomida, xususan, 2020 yilda ham mamlakatimizdan energetika taqchilligi arimagani bor gap.

Aholining mas'ul tashkilotlarga, OAVga murojaatlarining aksariyat qismi elektr energiyasi, gaz ta'minoti yetishmasligi borasida bo‘lib kelgan. Ya'ni bu doimiy va tizimli muammolardan.

Yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev O‘zbekistonda kuzatilayotgan keng miqyosli energiya inqiroziga munosabat bildirib, Energetika vazirligini tanqid qilgandi.

«Energetika vazirligi 30 yildan beri sohaga investitsiya kiritilmagani haqida dardini aytadi. Unday bo‘lsa, 2020 yil 3-chorak yakuni bo‘yicha energetika sohasiga yo‘naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,7 mlrd dollar mablag‘lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda?

Misol uchun, umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan Namangandagi To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushirilsa, vodiyda elektr ta'minotida muammo qolmaydi, deb hammani ishontirishgandi. Lekin To‘raqo‘rg‘on IES o‘tgan yili ishga tushgan bo‘lsa-da, vodiyda elektr ta'minotida ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi-ku», degandi u.

Yaqinda energetika vaziri Alisher Sultonov «Amerika ovozi» jurnalisti bilan suhbatda energetika sohasidagi islohotlar so‘nggi 3–4 yilda boshlanganini aytdi.

«Bizning sohada qachon islohotlar boshlanganiga javob beradigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, oxirgi 3–4 yil ichida. Ammo biz tushunamizki, bunaqa og‘ir sohada 3, 4, 5 yil ham, 10 yil ham katta muddat emas. Oldinlari energetika siyosatini olib boradigan birorta bir tashkilot bo‘lmagan O‘zbekistonda», degandi vazir.

E'tibor qiling, mustaqilligiga 30 yil bo‘lgan O‘zbekiston uchun mamlakat iqtisodiyoti richagi bo‘lgan tizimni isloh qilish harakatlari 3–4 yil oldin boshlangan. Vazir bungacha tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini aytadi.

Bu so‘zlar qaysidir ma'noda deputatning energetika inqirozi qachon tugashi borasidagi savoliga javobdek yangradi. Ya'ni o‘nlab yillar davomida isloh qilinmagan tizimda, tabiiyki, moddiy-texnik baza, resurslar taqchil bo‘lish ehtimoli yuqori. Qolaversa, normal yo‘lga qo‘yilmagan tizim iziga tushguniga qadar ham o‘nlab yillar kerak ekan.

So‘nggi yillarda sohaga katta-katta mablag‘lar sarflanayotgani esa o‘sha qilinmagan islohotlarni boshlash, davom ettirish uchundir balki.

O‘tgan yili ajratilgan 5,7 mlrd dollar sarfi bo‘yicha savollar yangrayvergach, Energetika vazirligi rasmiy hisobot bilan chiqdi.

Aytilyaptiki, energetika sohasiga davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha jami 61ta bitim imzolangan. Shartnomalarning umumiy qiymati 9 mlrd 914 mln dollarni tashkil etib, shundan jalb qilingan qiymat 5 mlrd 722 mln dollardir. Demak, bitimni bajarish uchun mazkur sohaga yana 4 mlrd dollardan ortiq qarz olinadi.

Hisobotda 5,7 mlrd dollardan sarflangan summaning 2,3 milliardi «O‘zbekneftgaz» AJning «Uzbekistan GTL» loyihasiga berilgani, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (ASKUE) esa 552 mln dollar sarflangani keltirilgan. Qolgan mablag‘lar aniq ochiqlanmagan.

Manbaga ko‘ra, 2021 yil iyulda ish boshlashi reja qilingan «Uzbekistan GTL» zavodida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz qayta ishlanib, undan 1,5 million tonna sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqariladi. Shundan 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonnadan ziyod dizel yonilg‘isi, 437 ming tonnadan ortiq nafta va 53 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

Moliyachi Abdulla Abduqodirovning fikricha, tashqi qarz orqali jalb qilingan mablag‘larning katta qismini xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ajratish to‘g‘ri emas. Xususan, energetikaga bu qadar yirik summa ajratishning iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lmaydi.

«Meni hayratda qoldiradigan narsa, olinayotgan tashqi qarz budjetning umumiy kamomadini moliyalashtirishga qaratilmay, (ko‘pchilik davlatlarda qarz budjet xarajatlariga ishlatiladi) davlat budjeti orqali xo‘jalik faoliyatini yurituvchi sub'yektlarni moliyalashtirishga ishlatilyapti. Bu menimcha, tashqi qarzni ishlatishning samarasiz yo‘llaridan biri», dedi u Human.uz’ga bergan intervyusida.

U buning energetika sohasiga, «O‘zbekneftgaz»ning loyihalariga berishning bir qancha salbiy tomonlarini qayd etib o‘tgan.

«Masalan, suyultirilgan gazni ishlab chiqardik deylik, uni qayerga ishlatamiz? Faqat avtomobil sanoatigami? Xo‘p, ballonlab turib aholiga ham sotarmiz yoki kichik-kichik korxonalar ishlab chiqarishlariga ishlatarmiz. Lekin 5 milliard kub gazning qaytadan suyultirilganini ishlab chiqarishga bunchalik katta talab yo‘q. Demak, uni eksport qilishimiz kerak.

Lekin biz ikki marta dengizdan chegaralangan mamlakatmiz. To bu mahsulotlarni Qora dengizga yoki Tinch okeaniga olib chiqadigan bo‘lsak, suyultirilgan gazimizning narxi ishlab chiqarilgan narxidan ikki barobar qimmatlashib ketadi», deydi iqtisodiy tadqiqotchi so‘zi davomida.

Energetika vaziriga ko‘ra, yillar davomida energetika tizimida juda katta xatolar qilingan. Ulardan biri olis hududlarga gaz yetkazish uchun katta va noto‘g‘ri xarajatlar va harakatlar amalga oshirilgan. Oqibatda rivojlanish bo‘lmagan.

«Uzoq qishloq bo‘ladigan bo‘lsa ham gaz olib boramiz deyishgan. Bu - populizm. Qayerdandir xalqning, mahalliy hokimiyat yoki deputatlarning talabi bilan shu ishlar bo‘lgan. Hisob-kitob degan narsani esdan chiqarishgan. Har bir texnologik jarayonning hisob-kitobi bor. Aytaylik, 100–150 kilometr uzoqdagi tog‘li bir qishloqqa gazni olib borganimiz bilan, u yoqda trubani olib borib qo‘ygani bilan, u yerda gaz bo‘ladimi, bo‘lmaydimi?! U yoqqa ham gaz bormaydi, buyoqda pastdagi qishloqda ham gaz bo‘lmaydi. Lekin u qishloqlarga ko‘mir va suyultirilgan gaz ta'minoti hammasi yo‘lga qo‘yilgan», deydi vazir.

Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov esa Kun.uz muxbiri bilan suhbatda hozirgi paytda taxminan 50 foiz aholi xonadonlari, obektlar suyultirilgan gaz va ko‘mir bilan, qolgan 50 foizi esa tabiiy gaz bilan ta'minlangani haqida aytgandi.

Suhbatda yana bir masala – tarmoqni xususiylashtirish haqida ham so‘z borgan.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, bu borada qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish, iste'molchilar huquqlarini maksimal darajada himoya qilib berish, xususiy davlat sherikchiligiga kirib kelayotgan kompaniyalar faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni tayyor qilib berish kerak.

Balki bu ham samarali yo‘ldir. Ya'ni davlat budjetining katta qismi tejalishi, aksariyat energetik loyihalar ham xususiy sektor tomonidan bajarilish sharoitlari yaratilar? Ammo bungacha ham ancha yo‘l bosish kerak.

Yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida bu yil uzoq yillar davomida to‘planib qolgan elektr va gaz tarmoqlaridagi muammolar yechimi bo‘yicha juda katta mablag‘ ajratilganini ma'lum qildi.

Xususan, elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida, 5 ming 377ta (60 foiz) mahallada 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 4 mingdan ortiq transformator yangilanadi. Bu ishlarga qariyb 2,1 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Prezident vazirga yil yakunigacha elektr energiyasi va gaz bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bo‘lishi borasida savol bergan. Alisher Sultonov bunga javoban qo‘shni davlatlar bilan oldin ishlagan yaxlit tizim ham tiklanishini aytgan.

«Oldingidek kuz yoki qish degan mavsumlar bo‘lmayapti. Chunki yoz oylarida ham ishlatilayotgan sovitish tizimi hisobiga issiq davrda ham «pik» bo‘lyapti. Ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga bu yildan boshlab zarur talabni qondira oladigan bo‘lamiz. Buning uchun qo‘shni davlatlar bilan oldin ishlagan yaxlit tizimni ham tiklayapmiz», degan vazir.

Aytish mumkinki, gaz va elektr energiyasi uzluksiz yetkazish yo‘lga qo‘yilmagan bir sharoitda yangi va yirik qurilishlar, xususan, uy-joy, turli obektlar qurilishi davom etmoqda. Bu o‘z-o‘zidan elektr va gazga bo‘lgan talabni yanada oshiraveradi. Tanqislikni ham o‘stirishga yo‘l ochadi. Hukumat bunga nisbatan qanday samarali choralar ko‘radi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Islombek Umaraliyev

Mavzuga oid
Top