09:51 / 26.04.2021
4701

O‘gay onasi daryoga uloqtirgan qizni qutqargan yigitcha: «Bu qahramonlik emas, tasodifiy yordam»

19 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tumani hududidan oqib o‘tuvchi Oyimtarra kanaliga yosh qizcha noma'lum ayol tomonidan urib, tashlab yuborilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, fuqaro M. qonuniy turmush o‘rtog‘i B.ni u shar'iy nikoh asosida yashab kelayotgan fuqaro M.dan rashk qilib, o‘ch olish maqsadida uning 2012 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizi F.ni 14 aprel kuni maktabdan aldab chaqirib chiqadi. So‘ngra M. voyaga yetmagan, 9 yoshli F.ni Oyimtarra kanali yaqiniga olib kelib, qasddan o‘ldirish maqsadida noma'lum jism bilan uning bosh sohasiga urib, kanalga tashlab yuboradi.

Ushbu voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan 16 yoshli Shuhrat Yangiyevning jasorati tufayli F. kanaldan qutqarib olinib, hayoti saqlab qolingan. Uning ushbu qahramonligi ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan olqishlandi.

Kun.uz muxbiri qizaloqni kanaldan qutqarib olgan jasoratli yigit Shuhrat Yangiyev bilan suhbatlashdi. U Buvayda tumanidagi 2-maktabining 9 sinf o‘quvchisi.

«Chirkay degan qishloqda bog‘imiz bor. O‘sha kuni maktabdan qaytib uyga bordim. Kiyimlarimni almashtirib, velosipedimni mindim-da bog‘ tomon ketdim. Bog‘imizning yonida kanal oqib o‘tgan. Ko‘pincha bo‘sh vaqtlarimda shu kanal yonida dam olib o‘tiraman, bog‘dan ko‘z-quloq bo‘lib turaman.

O‘sha kuni kanal yoqasida o‘tirganimda kanal yoqalab bir ayol va qizcha ona-bolaga o‘xshab yetaklashib ketayotganini ko‘rdim. Hammasi bir zumda sodir bo‘ldi. Mendan ozgina naryoqda o‘tirgan dadam ham ularni kuzatib o‘tirgan ekan.

Menga ham dadam aytdi: «Bor, o‘g‘lim borib qara. Ayol anavi qizchani boshiga urib, suvga otvordi», dedi. So‘ng men velosipedimni minib kanal boshiga bordim. Men borgunimga qadar ayol mashinaga o‘tirib, qochib ketdi.

Borganimda qizcha, kanalda eski charxpalak bor edi o‘sha charxpalakka osilib qolgan ekan. Bir qo‘li bilan charxpalakka arang ilinib turgandi. Meni ko‘rdi-yu «Jon akajon meni qutqaring», deb baqirib yig‘lay boshladi. Kanalga tushib, qizaloqni suvdan olib chiqdim. Shu vaqt oralig‘ida dadam ham yetib kelishdi. Keyin «tez yordam»ga, IIBga qo‘ng‘iroq qildik. Ular kelib, qizchani kasalxonaga olib ketishdi», deydi Shuhrat Yangiyev.

Qahramon yigitchaning fikricha, uning harakatlari shunchaki baxtli tasodif.

«Bir qizchaning umrini saqlab qolish peshonamda bor ekan. Qo‘rquv bo‘lmadi, hayajon bo‘ldi. «Qutqara olmasam-chi?» degan o‘y bor edi. Agar qizchaning qo‘li charxpalakdan uzilsa tamom edi — suv domiga tortib ketardi. Aksiga olib, o‘sha kuni kanalda suv ham ko‘p edi.

Ota-onam, yaqinlarim, ustozlarim ham o‘zimga tutingan singil topib olganimni takror-takror aytishmoqda. Chindan ham, shu voqea sabab tutingan singilga ega bo‘ldim. Bir insonning umrini saqlab qolish nima ekanligini tushunib yetdim».

Maktab o‘quvchisi Sh.Yangiyevning bu harakatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida Farg‘ona viloyat prokurori va viloyat IIB boshlig‘ining buyruqlari bilan unga tashakkurnoma e'lon qilinib, tadbirda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan.

Voqeaning yana bir qahramoni suvdan qutqarib qolingan qizaloqning holidan xabar olish maqsadida Buvayda tumani tibbiyot birlashmasida ham bo‘ldik.

Shifokor ma'lum qilishicha, qizchaga shu kunning o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Uning boshini tepa qismi yorilgan bo‘lgan. Kerakli muolajalardan so‘ng, bemorning ota-onasi qizchani kasalxonaga yotqizishdan bosh tortib, uy sharoitida davolashga olib ketgan. Shunday bo‘lsa-da, qizaloq oilaviy shifokorlar tomonidan nazoratga olinib, doimiy kuzatuvda ekanligini ta'kidladi. 

Mavzuga oid
Top