13:40 / 26.04.2021
19423

Shavkat Mirziyoyev shu hafta ikki davlat rahbari bilan muloqot qilishi kutilyapti

Bu haqda prezident matbuot kotibi OAV uchun o‘tkazilayotgan an'anaviy brifingda ma'lum qildi.

“Bu hafta davlat rahbari ishtirokida ko‘plab tadbirlar, masalalar muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Shular qatorida, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Unda ikkita asosiy yo‘nalish:

  • birinchisi - ichki bozorni qurilish materiallari bilan yetarlicha ta'minlash, energiya samaradorligi orqali tannarxni tushirish;
  • ikkinchisi - import tarkibini o‘rganib, ular o‘rnini bosadigan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, buning uchun yangi investitsiya loyihalarini shakllantirib, korxonalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, hafta davomida ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, hududlarda iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini oshirish, temir yo‘l transporti tizimidagi transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Shuningdek, bu haftada davlatimiz rahbarining Xitoy raisi Si Tszinpin va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqotlari ham rejalashtirilgan”, dedi Sherzod Asadov brifing chog‘ida.

Top