16:49 / 27.04.2021
5786

Janubiy Koreya rahbaridan Samsung vitse-prezidentini afv etishni so‘rashdi

Avvalroq mamlakatdagi boshqa jamoat tashkilotlari prezident Mun Chje Inga ana shunday murojaat bilan chiqqan.

Foto: EPA

Janubiy Koreya kompaniyalarining beshta birlashmasi mamlakat prezidenti ma'muriyatiga korrupsiya ishi bo‘yicha qamalgan Samsung Electronics vitse-prezidenti Li Chje Yonni afv etishni so‘rab maktub yo‘lladi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar bermoqda.

 "Janubiy Koreyaning yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchilari yangi xatarlar va murakkab vaziyatga duch kelmoqda. Agarda kompaniya rahbari yo‘qligi uchun investitsiyalar va boshqa muhim masalalar bo‘yicha qarorlar ortga suriladigan bo‘lsa, mamlakat yaqin kunlarda o‘zining birinchilik maqomidan mahrum bo‘lishi mumkin", - deyiladi jamoaviy murojaatda.

 Agentlikning qayd etishicha, Samsung Electronics kompaniyasi xotira mikrosxemalari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi va yaqin vaqtgacha AQShda yangi zavod qurishni rejalashtirgandi.

 Murojaatni Janubiy Koreya savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlar ittifoqi, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchilar birlashmasi, xalqaro savdo assotsiatsiyasi va o‘rta biznes kompaniyalari birlashmasi vakillari imzolagan.

 Xabarda aytilishicha, avvalroq mamlakatdagi boshqa jamoat tashkilotlari prezident Mun Chje Inga ana shunday murojaat bilan chiqqan.

 18 yanvar kuni Samsung Electronics vitse-prezidenti va Samsung Group kompaniyalar guruhi rahbari Li Chje Yon korrupsiya ishi qayta ko‘rib chiqilishi doirasida ikki yarim yilga qamalgandi. U 2022 yil iyulida ozodlikka chiqadi. Li Chje Yon Samsung konsernining sobiq raisi Li Gon Xining o‘g‘li va kompaniya asoschisi Li Byon Chxolning nabirasidir.

Top