21:39 / 28.04.2021
15453

«Mahalliy yo‘nalishlarda kichik samolyotlar qatnovini yo‘lga qo‘ymoqchimiz» - transport vaziri

Uzbekistan Airways kichik hajmli samolyotlarda ichki yo‘nalishlardagi parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu bilan mahalliy parvozlar uchun chipta narxlari kamida 20 foizga arzonlashadi, deb ma'lum qildi transport vaziri, MAK rahbari Ilhom Mahkamov.

Transport vaziri, «Uzbekistan Airways» AJ boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov 28 aprel kungi matbuot anjumanida kompaniya kichik modeldagi samolyotlarda mahalliy parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida aytdi.

 «Ichki yo‘nalishda parvozlar sonini ko‘paytirish maqsadida yana boshqa jihatdan kichkinaroq bo‘lgan samolyotlar loyihasi ustida ishlayapmiz. Buni hozir gapirishga sal vaqtli deb o‘ylayman. Biznes modelini ishlab chiqqanimizdan keyin bunga yana alohida urg‘u beramiz.

Asosiy maqsad – birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolarining respublikada mobilligini oshirish. Ya'ni viloyat markazlarini poytaxt bilan bog‘lash», – dedi vazir.

Ilhom Mahkamovga ko‘ra, mahalliy yo‘nalishlar uchun kichik samolyotlarda chipta narxlari hozirgidan kamida 20 foizga arzon bo‘ladi.

«Biz yiliga kamida 3 million aholini ichki yo‘nalishlarda tashish qobiliyatiga ega bo‘lish marrasini o‘z oldimizga qo‘yganmiz», – ta'kidladi Uzbekistan Airways rahbari.

Top