11:01 / 28.04.2021
6818

O‘zbekistonda banklar faollik reytingi e'lon qilindi

Yirik banklar reytingida «Kapitalbank», «Trastbank», «Aloqabank» eng faol, kichik banklar orasida esa «Davr bank», «Ziraat bank» va «Universal bank» yetakchi deb topildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistondagi 31ta tijorat banklari uchun «Banklar faollik indeksi»ni ishlab chiqdi. Markazning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, indeks moliyaviy vositachilik, ommaboplik, kapital yetarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, daromad olish salohiyati va likvidlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisoblangan.

Yirik banklar faollik reytingi

2021 yil 1-choragida 17ta yirik bank orasida «Kapitalbank» o‘tgan yilning 2-choragidan buyon 1-o‘rinni saqlab qolmoqda. Markazga ko‘ra, mazkur bankdagi kapital yetarliligi, daromad olish salohiyati va boshqaruv samaradorligi bo‘yicha yuqori natijalar umumiy reytingda o‘z o‘rnini mustahkamlashga yordam berdi.

Xususan, bank muddatli depozitlarining kreditlariga nisbati 78 foizni tashkil etdi. Boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘lar ulushi 3,5 foizni tashkil etdi.

Hukumatdan (Moliya vazirligi va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan) olingan mablag‘lar ulushi 0,8 foiz punktga oshib, 1,3 foizni tashkil etganiga qaramay, bank majburiyatlari tarkibidagi ulushi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda.

«Trastbank» umumiy reytingda 2020 yil 4-chorakdagi o‘rnidan 2 pog‘ona ko‘tarilib, 2-o‘rinni egalladi. Mazkur bank kapital yetarliligi, boshqaruv samaradorligi, daromad olish salohiyati hamda likvidlilik bo‘yicha yetakchi banklardan biriga aylanmoqda. Xususan, likvidlikni qoplash koeffitsiyenti Markaziy bank tomonidan belgilangan me'yordan 5,2 barobar yuqori hisoblanadi.

«Aloqabank» davlat ulushi mavjud yirik banklardan biri sifatida umumiy reytingda 3-o‘rinni saqlab qoldi. Ushbu bank moliyaviy vositachilik, kapital yetarliligi va aktivlar sifati bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatdi.  

Bank muddatli depozitlarining kreditlariga nisbati 56 foizni tashkil etdi, bu esa davlat ulushi mavjud boshqa banklardagi ko‘rsatkichdan yuqoridir. Boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi 26 foizga yetgan bo‘lsa, hukumatdan olingan qarzlar ulushi 11 foizni tashkil etdi. Bu bank tizimi o‘rtacha ko‘rsatkichidan (17 foiz) kam hisoblanadi.

Joriy yil 1-chorakda «Mikrokreditbank» va «O‘zsanoatqurilish» bank umumiy reytingda eng yuqori ko‘tarilishga erishdi. Ushbu banklar o‘tgan yilning 4-choragidagi pozitsiyasidan 4 pog‘onaga yuqoriladi.

Kichik banklar faollik reytingi

O‘tgan chorakda O‘zbekistonning 14ta kichik bank uchun faollik reytingida «Davr bank», «Ziraat bank» va «Universal bank» yetakchi deb topildi va ularning o‘rni 2020 yil 4-choragiga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi.

«Davr bank» va «Universal bank» moliyaviy ommaboplik bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etdi. «Ziraat bank» kapital yetarliligi va boshqaruv samaradorligi bo‘yicha yetakchi banklardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bank tizimi aktivlari

2021 yil 1 mart holatiga ko‘ra, respublika bank tizimi aktivlari 366,2 trln so‘mni (2020 yil 1 martga nisbatan 31,3 foiz o‘sdi) tashkil etdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida tizim majburiyatlari 306,6 trln so‘mni (38,3 foiz oshdi), kapital 59,5 trln so‘mni (12,4 foiz o‘sdi) tashkil etgan.

Ayni paytda bank tizimida 55 mingdan ziyod kishi faoliyat olib bormoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2018 yilda 4 mingdan ortiq jismoniy shaxs masofaviy bank xizmatlaridan foydalangan. 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar soni qariyb 14 mingga yetdi.

Top