13:05 / 28.04.2021
7519

O‘zbekistonda tovar va xizmatlar importi hajmi eksportdan yuqoriligicha qolmoqda 

O‘tgan chorakda tovarlar eksporti 1,9 mlrd dollarni, importi esa 5,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank 2021 yil 1-chorak yakuni bo‘yicha to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobining dastlabki ko‘rsatkichlarini taqdim etdi.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan 3 oyda to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunda savdo balansi (tovarlar va xizmatlar) va birlamchi daromadlarning manfiy saldosi 3,7 mlrd dollar, ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi 1,2 mlrd dollar hisobiga qisman qoplandi.

Tovarlar va xizmatlar eksporti

Tovarlar eksporti (nomonetar oltin hisobga olinmagan holda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshib, 1,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Tovarlar eksportining asosiy qismini:

  • tekstil va tekstil mahsulotlari — 720 mln dollarni,
  • qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar — 326 mln dollarni,
  • kelib chiqishi o‘simlik bo‘lgan mahsulotlar — 182 mln dollarni,
  • kimyo sanoati mahsulotlari 132 mln dollarni tashkil etdi.

Xizmatlar eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizga qisqarib, 407 mln dollarga to‘g‘ri keldi. Bunda pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar hisobiga «safarlar» komponentida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 69 foizga qisqarish kuzatildi.

Tovarlar va xizmatlar importi

Tovarlar importi 1-chorakda 5,2 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga oshdi.

Shundan:

  • mashinalar, uskunalar, mexanizmlar — 1,4 mlrd dollarni,
  • qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar — 716 mln dollarni,
  • kimyo sanoati mahsulotlari — 615 mln dollarni,
  • yer usti, havo va suv transporti vositalari importi 518 mln dollarni tashkil etdi.

Xizmatlar importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga qisqarib, 923 mln dollarga to‘g‘ri keldi. Mazkur import tuzilmasidagi eng katta o‘zgarish «safarlar» komponentida kuzatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53 foizga qisqardi.

Birlamchi va ikkilamchi daromadlar

1-chorakda birlamchi daromadlar saldosi 305 mln dollar miqdorida manfiy bo‘lib shakllandi.

Bunda pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar qisqa muddatli ishchilarning daromadlari kamayishiga olib kelgan bo‘lsa, xarajatlarning o‘sishi jalb qilingan qarzlarga hisoblangan foizlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investorlar daromadlari hisobiga kuzatilmoqda.

Ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi 1,2 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga o‘sish kuzatildi.

Mavzuga oid
Top