13:25 / 28.04.2021
1357

Senat qo‘mitasi – Surxondaryoda qotillikning har uchinchisi oilaviy kelishmovchiliklar tufayli sodir etilgan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Surxondaryo viloyatida o‘tgan yil 3 176 ta jinoyat sodir etilgan. Termiz shahri va tumanida sodir etilgan jinoyatlar soni bo‘yicha respublikada eng salbiy ko‘rsatkichda qayd etilgan. Bu haqda viloyatda o‘rganish ishlarini olib borgan Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi ma'lum qilmoqda.

O‘rganishlarda aniqlanishicha, 2020 yilda Surxondaryo viloyatida jami 3 176 ta jinoyat qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich har 100 ming kishiga 120,3 tadan to‘g‘ri kelgan. Termiz shahri va Termiz tumanida jinoyatchilik sodir etilishi bo‘yicha respublikada eng salbiy ko‘rsatkich qayd etilgan. Termiz shahrida har 100 ming kishiga 295,8 ta jinoyat, Termiz tumanida har 100 ming kishiga 245,4 ta jinoyat to‘g‘ri kelgan. 273 ta jinoyatni ayollar sodir etgan. 840 ta jinoyat yoki jami sodir etilgan jinoyatlarning 26,4 foizi yoshlar tomonidan sodir etilgan.

2020 yilda sodir etilgan qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 11 tasi, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatining 26 tasi yoki 48 foizi oilaviy kelishmovchiliklar tufayli sodir bo‘lgan.

Qidiruvda bo‘lgan 160 nafar shaxs ushlanib, 33 nafar bedarak yo‘qolganlar topilgan. Ichki ishlar organi 978 ta jinoyatni aniqlagan.

Viloyatda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 130 nafar shaxs vafot etgan.

Ta'kidlanishicha, Surxondaryoda 2020 yilda oldi olinishi mumkin bo‘lgan 27 ta qotillik, 54 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 9 ta talonchilik, 4 ta bosqinchilik, 144 ta bezorilik, 386 ta o‘g‘rilik, 463 ta firibgarlik sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar borligi ma'lum bo‘lgan.

Top