12:18 / 28.04.2021
7165

To‘raqo‘rg‘onda 9 oylik kelin eri tomonidan ayovsiz kaltaklab kelingani ma'lum bo‘ldi

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Fuzuliy ko‘chasi 68-uyda yashovchi A.X. turmush o‘rtog‘ini ayovsiz kaltaklagan. 

Ma'lum bo‘lishicha, janjal 31 mart kuni rashk tufayli kelib chiqqan. 44 yoshli A.X. 31 yoshli xotini U. X.ga tegishli bo‘lgan telefonni titkilab, yangi yil bayramida birga tushgan suratini topolmagan va bu suratni o‘chirib yuborgansan, deya janjal boshlagan.
 
Jabrlanuvchining aytishicha, aslida bu suratni erining o‘zi o‘chirgan, lekin buni kimdir majburlab o‘chirtirib yuborgan, deya rashk qilib janjal ko‘targan va xotinining kiyimlarini yechib, qo‘liga tushgan narsa bilan ura boshlagan. 

«Ketmon dastasi, oyoq kiyimi, supurgi — qo‘llariga nima tushsa, uraverdi. Tashqariga chiqib ketganlarida qo‘limga uksus olib ichmoqchi bo‘ldim, yerga yotqizvolib yana urdilar, hushimni yo‘qotdim, o‘rnimdan turolmaydigan holatga keldim, bu zo‘ravonlik 3 kecha-kunduz davom etaverdi. Shu holatdayam, mayli, yashayveraman dedim, tirik qolish uchun o‘zim o‘chirdim rasmni dedim, yana telefonimni titkilay boshladi, rasmga tushib kimgadir jo‘natgansan deb, oyoq-qo‘limni bog‘lab yana urishga tushdi, o‘zimni o‘nglolmaydigan darajaga yetdim. Sog‘ joyim qolmaguncha uraverdilar», — deydi jabrlanuvchi.

Ma'lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi turmush o‘rtog‘i bilan oila qurganiga 9 oygina bo‘lgan.

«To‘y birdan bo‘lib ketgandi, surishtirishgayam ulgurmagandik, ZAGSdan keyin o‘tvolishadi, deb shar'iy nikoh asosida turmush qurishdi, qizimning ikkinchi turmushi edi bu. 

12 aprel kuni qizim yasholmayman, opketinglar, deya telefon qildi, olib ketmoqchi bo‘lsam, kuyovim aralashmang deya ko‘nmadi. Ertasi kuni qizimning ishxonasidagilar o‘g‘limga telefon qilib, singil kerak bo‘lsa olib ketinglar deyishdi, qizimni olishga bordik, olib ketishga ko‘zim yetmadi, shunda «102»ga qo‘ng‘iroq qilib, uchastka noziri yordamida qizimni olib chiqib ketdik. Ahvoliga qarab bo‘lmas edi, hayvon ham bunchalik kaltaklanmaydi. Qizim 8 kun kasalxonada yotib davolandi. 27 aprel kuni kasalxonadan chiqdi», — dedi jabrlanuvchining onasi Ma'rifat Qirg‘izboyeva. 

Ma'lum bo‘lishicha, hozirda zo‘ravonga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Mavzuga oid
Top