17:07 / 29.04.2021
9841

Masjid qurish uchun mahalliy davlat hokimiyati organiga murojaat qilinishi lozim – Sevara O‘rinboyeva

Masjid binosi qurib bitkazilgach, masjidni ro‘yxatdan o‘tkazishga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rozilik xati olinishi kerak. 

Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda masjid qurish va ochish tartibi aytib o‘tildi.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq (16-modda) diniy tashkilotlarga yer ajratish hamda ibodat binosi qurish masalasida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organiga murojaat qilinishi lozim.

Masjid binosi qurib bitkazilgach, masjidni ro‘yxatdan o‘tkazishga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rozilik xati olinishi kerak. Bunda Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan hujjatlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga taqdim etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 409-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy ta'lim muassasalari Adliya vazirligi tomonidan, boshqa diniy tashkilotlar (masjidlar, cherkovlar) tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilangan», dedi O‘rinboyeva.

Top