16:34 / 30.04.2021
14056

Fuqarolarning aeroport va vokzallar binosiga kirib-chiqishiga ruxsat berilmoqda

Prezident “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida (keyingi o‘rinlarda - vokzallar) yo‘lovchi hamda tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy talablar asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, kirib-chiqishni soddalashtirish, zarur sharoitlar yaratish hamda vokzallar va ularga tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida, quyidagi takliflariga rozilik berildi:

  • vokzallar binolariga tashrif buyuruvchilarning xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda kirib-chiqishlariga ruxsat berish;
  • vokzallar va ularga tegishli hududlarda umumiy ovqatlanish joylarini tashkil etish, chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etishga ruxsat berish tartibini soddalashtirish;
  • xalqaro aeroportlar hududida barcha turdagi yo‘lovchi avtotransport vositalariga aeroportlarning estakadasidan foydalanishga ruxsat berish;
  • vokzallarning asosiy tekshiruv punktlarini kirish joylaridagi birlamchi nazorat-tekshiruv postlari bilan birlashtirish.

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Transport vazirligi:

  • uch oy muddatda mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tarkibda Respublika komissiyasini tuzgan holda, vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni ta'minlash tartiblarini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
  • vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni ta'minlashning zamonaviy texnik nazorat vositalari (transport va shaxsni aniqlash vositalari) va usullari bilan to‘liq ta'minlab borish choralarini ko‘radi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda xalqaro aeroportlarda rekonstruksiya qilish hisobiga aviatsiya xavfsizligi xizmati, chegara, bojxona va boshqa qo‘riqlanuvchi hududlardagi o‘zgarishlarni inobatga olib, talab etiladigan shtat birliklariga o‘rnatilgan tartibda tegishli o‘zgartirishlar kiritib boradi.

Mavzuga oid
Top