14:28 / 30.04.2021
26312

JSST: Hindiston duch kelgan vaziyat har qanday davlatda kuzatilishi mumkin

Italiyada Leonardo da Vinchi nomidagi Rim-Fyumichino xalqaro aeroportida mutaxassislar binolarni sanitariya jihatidan tozalash bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi. Bu Hindistondan Rimga kelgan 23 yo‘lovchida koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan so‘ng ro‘y berdi, deya xabar qildi Euronews.

Musbat test natijasiga ega sayohatchilar va ular bilan aloqada bo‘lgan kishilar karantinga olingan mehmonxonaga jo‘natildi. 

Hozircha, infeksiyani yuqtirib olganlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSTT)ni tashvishga solayotgan «hindcha shtamm»ning tashuvchilari ekani borasida aniq ma'lumotlar yo‘q.

«Menimcha, Hindiston duch kelgan vaziyat har qanday joyda kuzatilishi mumkinligini tushunish o‘ta muhimdir. Bu barcha mamlakatlar uchun jiddiy muammo. Cheklov choralari yumshatilgani, odamlar yana bir guruh bo‘lib to‘planayotgani, koronavirusning yuqumli shtammlari mavjud ekani, emlanganlar soni esa hali juda ozligi hisobga olinsa, bu har qanday mamlakat uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin», dedi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge. 

Hindiston kunlik kasallanish bo‘yicha rekordlarni yangilashda davom etmoqda - o‘tgan bir kun davomida mamlakatda 379,2 mingdan ortiq odamda infeksiya aniqlandi. Bu hatto 1,3 milliard aholisi bo‘lgan mamlakat uchun ham juda katta ko‘rsatkichdir. 

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida dunyoda qayd etilgan 5,7 million yangi holatlarda Hindistonning ulushi 38 foizni tashkil etadi. 

Jons Xopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda kasallanganlar soni 150 millionga yaqinlashgan, o‘limlar - 3,1 million. AQSh ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha hamon yetakchilik qilmoqda (mos ravishda 32,2 million va 574,3 ming). Biroq, u yerda vaziyat yuqtirganlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turgan Hindistondan (18 milliondan ortiq) farqli o‘laroq barqarorlashdi. 

«Bi-bi-si» xabariga ko‘ra, Vashington universiteti olimlari pandemiyaning hindcha ssenariysini modellashtirdi va uning eng yuqori nuqtasi may oyining o‘rtalarida yuz berishini taxmin qildi.

Ammo, agar Hindistonda har bir kishi niqoblarni taqib yurishni boshlasa, o‘limlar soni hozirdanoq pasayishi mumkin, deydi tadqiqotchilar. 

Pandemiya boshlanganidan buyon ushbu qoida mamlakatda tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib keldi. Yaqinda millionlab odamlar ishtirok etgan Kumbxa mela festivalidan olingan fotosuratlardan ko‘rish mumkinki, tadbirda niqobda bo‘lganlar juda ozchilikni tashkil qilgan.

Olimlar anchadan beri bayonotlar berib, jahon hamjamiyatini Hindistonga e'tiborni kuchaytirishga chaqirmoqda, chunki u yerda sodir bo‘layotgan voqealar boshqa barcha davlatlar uchun iz qoldirmasdan o‘tib ketmaydi.

Buyuk Britaniya, Irlandiya, Germaniya, Singapur va Avstraliya allaqachon Hindistonga insonparvarlik yordami, shu jumladan respiratorlar, «IVL» apparatlari, konsentrlangan kislorod zaxirasi va shaxsiy himoya vositalarini yubordi. 

Endi ularga yana uchta davlat - Rossiya, Janubiy Koreya va Kanada qo‘shildi. 

Kuni kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hindiston bosh vaziri Narenda Modiga qo‘ng‘iroq qilib, RF pandemiyaga qarshi kurashda yordam berishiga ishontirdi. Keyinchalik, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘z bayonotida Rossiya yaqin kunlarda Hindistonga katta tibbiy yuk yuborishini aytdi. 

Kanada Hindistonga yordam uchun 10 million dollar ajratdi, Seul esa tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish bo‘yicha Dehli bilan muzokaralar olib bormoqda. 

Britaniyadan birinchi gumanitar yordam o‘tgan seshanba kuni Dehliga yetib keldi va London bunday yordamni yetkazib berishni davom ettirish niyatida. 

«Ilgari Hindiston boshqalarga yordam berar edi, endi unga yordam berish navbati keldi. Biz bu jangda g‘alaba qozonamiz», dedi shahzoda Charlz. Bu qirol oilasi vakilining Hindistondagi inqiroz yuzasidan birinchi bayonotiga aylandi.

Hindiston bilan qo‘shni bo‘lgan Pokistondagi vaziyat ham sezilarli darajada yomonlashdi. Chorshanba kuni mamlakatda butun pandemiya kuzatilayotgan vaqt ichida o‘lim holati bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi - 200ta o‘lim. 

Mamlakatning ko‘plab hududlarida, ayniqsa, aholi zich joylashgan Panjob viloyatida kasalxonalar resurslar tugab borayotganidan shikoyat qilmoqda. Kelgusi haftadan boshlab hukumat 20ta shahar va viloyatda lokdaun joriy qilishni rejalashtirmoqda.

Ilgari Pokiston hukumati bu mamlakat iqtisodiyotini «o‘ldirishi» haqida ma'lum qilib, lokdaunlarga faol ravishda qarshilik ko‘rsatib kelgandi. Muxolifat vakillari rahbarlik qilayotgan viloyatlarda cheklov choralari joriy etildi. 

Ammo qo‘shni mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar Islomobodni o‘z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top