14:28 / 30.04.2021
9761

O‘zbekistonda 101 yoshli urush faxriysi koronavirusdan sog‘aydi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlar sa'y-harakati bilan 101 yoshli otaxon koronavirusdan sog‘aygani haqida xabar berdi.

«Shu yilning 20 aprel kuni Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1920 yilda tug‘ilgan oqqo‘rg‘onlik urush va mehnat faxriysi, fuqaro F.N. og‘ir ahvolda olib kelindi. Yaqinlari bilan o‘tkazilgan suhbatdan shu narsa ayon bo‘ldiki, bemorda so‘nggi 4 kun davomida kasallik belgilari – yo‘tal, tana, ayniqsa oyoq-qo‘llarning qaqshab og‘rishi, tana harorati febril darajagacha oshishi, charchoq, holsizlik, nafas olishning qiyinlashuvi, hansirash, yurak urishi tezlashishi, ishtahasizlik belgilari kuzatilib, so‘nggi ikki kunda bu belgilar yanada kuchayib borgan.

Bemorda o‘tkazilgan PZR testi natijalari musbat chiqqan, rentgen tekshiruvlarida o‘pkaning surunkali obstruktiv bronxoektatik kasalligi, pnevmoskleroz hamda o‘ng tomonlama zotiljam aniqlangan», deyiladi SSV xabarida.

Uyda bemorning ahvoli og‘irlashib borgani sababli Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan. Qabul bo‘limida bemor MSKT tekshiruvidan o‘tkazilganda, o‘pka to‘qimasining zararlanishi bilan «ikki tomonlama virus etiologiyali interstitsial zotiljam» tashxisi qo‘yilib, bemordan COVID-19 infeksiyasiga ekspress-test olingan. Test natijasi unda koronavirus infeksiyasi bilan zararlanish borligini tasdiqlagan. Shundan so‘ng bemorga zudlik bilan davo choralarini ko‘rish maqsadida bo‘limga yotqizilgan.

Bo‘limda bemorning yoshi ulug‘ligi inobatga olinib, tezda birinchi yordam ko‘rsatilgan hamda belgilangan xalqaro standartlar bo‘yicha tekshiruv va davo muolajalari boshlab yuborilgan.

«Bemorning ahvoli og‘ir bo‘lishiga qaramay, bilimli, yuqori malakali hamda o‘z kasbining fidoyilari bo‘lgan shifokorlarimizning sa'y-harakatlari,  o‘z vaqtida va to‘g‘ri o‘tkazilgan tekshiruv va davo muolajalari asta-sekin o‘z natijasini ko‘rsatib, otaxonning ahvoli kundan kunga yaxshilanib bordi. Davo muolajalarini mustahkamlash maqsadida bir qator tor soha mutaxassislari – infeksionist, pulmonolog, kardiolog, nevrologlar ham jalb qilindi.

Shunday qilib, mamlakatimizda kasallikka qarshi to‘g‘ri davo muolajalari qo‘llanilayotgani, davlatimiz tomonidan zarur dori vositalari, laborator va tibbiy tekshiruv uskunalari bilan to‘liq ta'minlangani hamda shifokorlarimizning to‘g‘ri tanlangan tizimli muolajalari sabab 101 yoshli bemor otaxon koronavirusdan butkul sog‘ayib, o‘z uyiga ruxsat berildi», deyiladi xabarda.

Ikkinchi jahon urushi faxriysi bo‘lgan otaxon shifokor va hamshiralarga minnatorchiligini bildirgan.

«1940 yil o‘z askarlik burchimni ado etish uchun harbiy xizmatga chaqirilib, 1945 yil Ikkinchi jahon urushidan g‘alaba bilan qaytgandim. Urushdan so‘ng ko‘p qiyinchiliklarni boshimdan o‘tkazdim. Shukrki, Yaratgan mana shunday go‘zal kunlarga yetkazdi. Ilohim, bugungi farovon hayotimizga, yurtimizdagi tinchlikka hech qachon ko‘z tegmasin. Meni mehr va e'tibor bilan davolab, oyoqqa turgizgan shifokor va hamshiralardan mingdan-ming minnatdorman. Baraka topishsin!» degan u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top