11:34 / 30.04.2021
8569

O‘zbekistonda narxlarning keskin oshib ketishi tashqi bozorlardagi narxlar bilan izohlandi

Bugun, 30 aprel kuni “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida “Respublika aholisini ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlash va narxlar barqarorligini saqlash” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. 

Qizig‘i, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirga ommaviy axborot vositalari, xususan, mustaqil elektron nashrlar jurnalistlari deyarli taklif etilmadi. 

Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tarkibiga kiruvchi telekanallar jurnalistlari qatnashgan tadbirdan tashlab berilgan press-relizda aytilishicha, bugungi kunda ayrim turdagi ijtimoiy muhim iste'mol mahsulotlari narxlari oshishi kuzatilmoqda. Narxlarning keskin oshib ketishi tashqi bozorlarda narxlar shakllanishi bilan izohlangan.

“Narxlarning keskin oshib ketishi, birinchi navbatda tashqi bozorlarda narxlar shakllanishi bilan izohlanadi. Xususan, Jahonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining pasayish tendensiyasi 2020 yil may oyidan boshlab o‘sish tendensiyasiga o‘zgardi va hozirga qadar saqlanib qolmoqda. Bu holat, 2020 yil mart–aprel oylarida dunyo bo‘ylab global pandemiyaning tarqalishini keskin oshishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi. 

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar, go‘sht va kartoshka mahsulotlari bo‘yicha respublika ichki iste'mol talabini mahalliy resurslar hisobidan ta'minlash imkoniyati cheklangani sababli, mazkur mahsulotlar narxi tashqi bozor kon'yunkturasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq holda shakllanmoqda. Ushbu mahsulotlarga jahon bozoridagi talab va taklifning holati tahliliga ko‘ra, bug‘doy, go‘sht va guruchga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasida mutanosiblik kuzatilgan bo‘lsa, shakar va kungaboqar yog‘ida talab va taklif o‘ziga xos harakatlangan. 

 

Xususan, butun dunyoda shakar ishlab chiqarish hajmi 3,4 foizga qisqargan bo‘lsa, import hajmi 6,9 foizga oshgan, kungaboqar yog‘ida ishlab chiqarish hajmi – 9,4 foizga, import hajmi esa – 15,6 foizga qisqargan”, deyiladi matbuot uchun xabarnomada.

2021 yilning yanvar–mart oylarida respublikada inflatsiya darajasi 2,5 foizni (2020 yilning mos davrida -2,8 foiz) tashkil etib, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari 3,1 foizga, xususan go‘sht mahsulotlari – 1,9 foiz (jumladan, parranda go‘shti -7,3 foiz), kartoshka – 4,8 foiz, shakar – 5,0 foiz, yog‘ mahsulotlari 4,7 foizga oshgani kuzatildi.  

Respublikada shakar mahsuloti to‘laligicha import xomashyosi asosida ishlab chiqarilayotgani aytiladi. Shu sababli, mazkur mahsulotning ichki bozordagi narxlari tashqi bozor kon'yunkturasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq holda o‘zgarishlar kuzatilayotgani bildirilgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida shakarning o‘rtacha narxi 7 025 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyida 7 921 so‘mgacha, bugungi kunda esa 8 123 so‘mgacha oshgani kuzatilmoqda. 

Mamlakat iste'mol bozorida o‘simlik yog‘iga bo‘lgan o‘rtacha yillik ehtiyojining (460 ming tonna) o‘rtacha 50 foiz qismi import hisobidan qoplanishi ma'lum qilingan.

Mamlakatda kungaboqar yog‘i narxi o‘tgan bir yil davomida o‘rtacha 38 foizga qimmatlashgan.

Ichki bozorda joriy yil boshida 1 kg kartoshkaning o‘rtacha narxi 4 247 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, uning narxi 3 000 so‘mdan 5 500 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda tebranmoqda.

O‘tgan yillarda ichki bozorda go‘sht narxidagi tendensiyalarni inobatga olgan holda joriy yilda narx barqarorligini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan. 

2020 yilda go‘sht importi hajmi 56,1 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 marta oshgan bo‘lsa, joriy yilning 25 aprel holatiga 23,7 ming tonna go‘sht (jumladan, 8,1 ming tonna mol go‘shti, 15 ming tonna parranda go‘shti) import qilinib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 marta o‘sgan. 

Top