20:52 / 30.04.2021
1482

Samarqandda viloyat Kengashi soliq boshqarmasiga mahalliy budjetdan 787 million so‘m ajratgani ma'lum bo‘ldi

Samarqandda xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan Budjet kodeksiga zid ravishda viloyat soliq boshqarmasiga mahalliy budjetdan 787 million so‘m ajratilgan. Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida mana shu holat tanqid ostiga olingan.

Qayd etilishicha, xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida Samarqand viloyatida budjet mablag‘larining qonun-qoidalarga zid ravishda sarflangani tanqid qilingan. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqovning ma'lum qilishicha, viloyatda o‘tgan davr mobaynida jami 2,5 milliard so‘m budjet mablag‘i qonun-qoidalarga zid ravishda sarflangan.

Jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori bilan viloyat budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan soliq boshqarmasiga maxsus qurilmalar sotib olish uchun 787,5 million so‘m va avtotransport vositasi olish uchun 134,7 million so‘m ajratilgan.

Ta'kidlanishicha, budjetda saqlanishi ko‘zda tutilmagan tashkilotlarga mahalliy budjetdan pul ajratish Budjet kodeksining 126-moddasiga talablariga zid hisoblanadi. Soliq boshqarmasi ham mahalliy budjet tomonidan saqlanmaydi. Shu sababli soliq boshqarmasiga mahalliy budjet hisobidan mablag‘ ajratilishi Kengash sessiyasida tanqid qilingan.

Biroq ma'lum bo‘lishicha, mahalliy budjetdan soliq boshqarmasiga mablag‘ o‘tkazish aynan viloyat Kengashining o‘zi chiqargan qaror bilan amalga oshirilgan. Viloyat soliq boshqarmasi axborot xizmatiga ko‘ra, haqiqatan ham mahalliy budjetdan ularga mablag‘ ajratilgan. Ammo mablag‘ ajratish aynan viloyat Kengashi qarori bilan joriy yil 5 fevralda amalga oshirilgan. Mablag‘lar esa aholiga qulaylik yaratish va «Soliqlarni aqlli yig‘ish tizimi» dasturi uchun sarflangan. Shuningdek, avtomashina uchun mablag‘ ham shu tarzda, Davlat soliq qo‘mitasining murojaatiga asosan, mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.

Sessiyada, shuningdek, Payariq, Narpay va Bulung‘ur tumanlarida budjet mablag‘lari qonun-qoidalarga zid ravishda sarflangani tanqid qilingan. Payariq tumanida budjet mablag‘lari ayrim qurilish-ta'mirlash ishlariga noto‘g‘ri sarflangan bo‘lsa, Narpay va Bulung‘ur tumanlarida «Trailblazer» mashinalari xarid qilingan.

Top