13:27 / 01.05.2021
1898

Navoiyda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan gaz ballonlarni talon-toroj qilganlarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 110 dona gaz ballonlarini talon-toroj qilgan mutasaddi shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xatirchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Hududgaz Navoiy» gaz ta'minoti filiali ombor mudiri H.M. filial haydovchisi X. bilan oldindan til biriktirib, o‘z javobgarligida bo‘lgan va aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan gaz ballonlarni sotib yuborgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, bu ikkala shaxs 32,6 million so‘mlik 110 dona gaz ballonlarini aholi ehtiyojlari uchun tarqatmasdan, qonunga xilof ravishda notanish fuqarolarga sotib yuborib, talon-toroj qilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan H.M. va X.larga nisbatan jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top