08:35 / 01.05.2021
35776

Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy aralashuvi natijasida muammo barham topdi - Komil Allamjonov tojik-qirg‘iz chegarasidagi to‘qnashuv haqida 

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi to‘qnashuv haqida fikr bildirib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sa'y-harakatlari va shaxsiy aralashuvi natijasida bugun bu muammo barham topganini aytdi.

“Kuni kecha butun matbuot qirg‘iz va tojik chegarasidagi otishmalardan larzaga keldi. Ochig‘i, shaxsan men bu hodisa katta urushga aylanib ketishidan qattiq xavotirga tushib qoldim. Tanklar va harbiy samolyotlarning otishmalarini ko‘rib, vaziyat osonlikcha o‘nglanmaydigandek tuyuldi. Qanchadan qancha odam vafot etdi. Juda ko‘plar yaralandi. 

Lekin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sa'y-harakatlari va shaxsiy aralashuvi natijasida bugun bu muammo barham topdi. Tojikiston hamda Qirg‘iziston prezidentlarining har biri bilan alohida suhbatlashib, o‘zaro murosaga erishildi. 
 
Ertaga yana bahsli fikrlar bo‘lar, balki. Kim birinchi urush boshladi, kim haq-u kim nohaq degan ayblovlar ham o‘rtaga chiqishi mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham, qo‘shnilarimiz bir-birlari bilan kelishib olishdi. O‘zbekiston rahbari dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘z ovoziga ega, eng avtoritet shaxs, vaziyatni barqarorlashtira oladigan lider sifatida namoyon bo‘ldi.  

Shubhasiz, bunda keyingi yillarda davlatimiz va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshi tomonga o‘zgargani, do‘stona aloqalar o‘rnatilgani samara berdi. Urush to‘xtadi. Allohga ming shukur”, deb yozadi Komil Allamjonov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

28 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi, 29 aprelda esa u qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Mojaro Tojikiston tomoni Isfara daryosi yuqori oqimidagi “Bosh” suv taqsimlash punktida suv taqsimotini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan. Qirg‘izistonning chegara otryadi va Botken viloyati politsiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qilgan. Tomonlar bir to‘xtamga kela olmagani mojaroning avj olishiga olib kelgan. Tojikiston bu hududni o‘ziniki deb hisoblaydi, Qirg‘iziston esa bahsli hudud sifatida biladi.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, chegaradagi qurolli to‘qnashuvlar vaqtida Qirg‘izistonning 31 nafar fuqarosi halok bo‘lgan, 154 nafar fuqaro tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Tojikiston hozircha bu boradagi ma'lumotlarni keltirmagan. Biroq mahalliy OAVning xabar berishicha, mojaro vaqtida Tojikistonning 10ga yaqin fuqarosi halok bo‘lgan, 90dan ko‘prog‘i jabrlangan.   

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarov bilan muloqotda "Toshkentdagi sammitda qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish muhim"ligini qayd etgandi

Top