14:59 / 03.05.2021
11015

Huquq faoli Surat Ikromov 76 yoshida vafot etdi

Bugun, 3 may kuni taniqli o‘zbek huquq faoli Surat Ikromov Toshkent shahrida 76 yoshida vafot etdi.

Foto: Sid Yanishev

Turli manbalar marhumning oilasiga asoslanib tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, Surat Ikromov 2021 yil fevral oyidan buyon og‘ir xasta bo‘lgan. Uning o‘limiga o‘pkaning surunkali yallig‘lanishi, qandli diabet va prostata saratoni sabab bo‘lgan.

Asli kasbi muhandis bo‘lgan Surat Ikromov Toshkentdagi xususiy poligrafiya biznesi davlat korxonasi tomonidan olib qo‘yilgach, uzoq vaqt sud idoralariga murojaat qilib kelgan. Adolat topolmagan tadbirkor avvaliga mahalliy huquq faollariga murojaat qiladi, keyinroq ulardan biriga aylanadi.

U 2002 yilda O‘zbekiston Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhiga asos soladi. Bu tashkilot O‘zbekistonda siyosiy va diniy motivlarga asoslangan ko‘plab sud jarayonlari monitoringini o‘tkazdi. O‘z faoliyati davomida Surat Ikromov ta'qib va tahdidlarga duchor bo‘lgan.

Surat Ikromov tomonidan diniy-siyosiy ayblar bilan qamalganlar bilan bog‘liq tergov va sud jarayonlariga doir taqdim etgan ma'lumotlar xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, BMT, AQSh Davlat departamentining yillik hisobotlaridan o‘rin olgan.

2003 yilda Surat Ikromov Toshkentda noma'lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, qattiq do‘pposlanadi. Hujumni O‘zbekiston IIV tekshirgan, ammo hujum qilgan shaxslar topilmagan.

Yaqinlariga ko‘ra, huquq faolining janozasi 3 may kuni peshin namozidan so‘ng uning Qorasaroy mahallasidagi xonadonida o‘qilgan va Minor qabristonida tuproqqa qo‘yilgan.

Top