16:43 / 04.05.2021
7262

«Hindiston bilan aviaqatnovni to‘xtatish bo‘yicha qaror faqat Maxsus komissiya tomonidan qabul qilinishi mumkin» - Transport vazirligi

Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab koronavirus infeksiyasining 4000dan ortiq variantlari bor. “Britancha”, “afrikacha”, “brazilcha” shtammlar shular jumlasidan. Yangi aniqlangan “hindcha” shtamm nisbatan xavfli va yuqumli ekani aytilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Hindistonda infeksiya yuqtirib olish bilan bog‘liq vaziyat o‘ta og‘irligida qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bemorlar uchun kasalxonalarda joy yo‘qligi, dori-darmon yetishmovchiligi yuzaga kelgani haqida turli ma'lumotlar tarqaldi. O‘limlar soni ko‘pligidan jasadlar ommaviy tarzda ko‘chalarda yoqib yuborilayotgani qayd etilyapti. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lum qilishicha, koronavirusning “hindcha” shtammi o‘ta yuqumli va antitanalarga chidamliligi bilan o‘ta xavfli hisoblanadi.

“Hindcha” shtamm kirishining oldini olish maqsadida ayrim davlatlar Hindiston bilan aloqalarini to‘xtatdi. Ayni paytda O‘zbekistondan ham Hindistonga aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning Kun.uz muxbiriga bergan xabariga ko‘ra, “qizil” toifaga kiruvchi davlatlar bilan havo qatnovini to‘xtatish yoki qayta tiklash faqatgina Respublika maxsus komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

“Hindistonning Dehli shahriga haftada ikki marotaba Toshkentdan reyslar yo‘lga qo‘yilgan. Maxsus komissiya tomonidan o‘rganib chiqilgach, uning xulosasi asosida vazirlik tomonidan Hindistonga aviaqatnovlar kamaytirilishi yoki to‘xtatilishi mumkin. Hozirgi vaqtda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida respublikamizga aviaqatnovlarda kirib kelayotgan barcha yo‘lovchilar PZR usuli bilan COVID-19’ga manfiy natijali ma'lumotnomani taqdim etishi orqali nazorat qilinmoqda”, dedi u.

O‘z navbatida, Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston hududida hozirgi vaqtda koronavirusning “hindcha” shtammi bilan kasallanish holati qayd etilmagan.

So‘nggi kunlarda Hindiston koronavirusga chalinish holatlarining qayd etilishi bo‘yicha dunyoda peshqadamlik qilmoqda. 4 may kuni sutkalik o‘sish 355 mingtani tashkil etdi, 30 aprel kuni 400 mingdan ortiq holat qayd etilgandi.

1 may kuni qayd etilgan statistika mamlakatda jami 19,1 million holat qayd etilib, 15,6 milliondan ortiq kishi sog‘aygan, 211 ming bemor vafot etganligini bildirgan bo‘lsa, bugunga kelib koronavirusga chalinganlar soni 20 million 200 mingdan oshib ketdi. Sog‘ayganlar soni 16,6 millionni tashkil etadi, kasallikdan vafot etganlar 222 mingdan oshgan. O‘limlar soni bo‘yicha Hindiston ayni paytda jahondagi uchinchi yuqori ko‘rsatkichga chiqqan mamlakat bo‘lib qoldi.

Yangi holatlar soni aslida bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin, ko‘rsatkichning kamayishi esa test olish hajmining kamayishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, shifoxonalarda bemorlar uchun kislorod yetishmasligi jiddiy muammoligicha qolmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Hindistonda koronavirusdan 222 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Top