13:25 / 05.05.2021
9561

Covid-19'ga chalinganlarni uyma-uy yurib davolagan namanganlik feldsher

Namangan shahridagi markaziy poliklinikaning travmatologiya bo‘limida oddiy feldsher bo‘lib ishlovchi Jobirxon Alixonov COVID-19 kasallarini uyma-uy yurib davolagani bilan tillarga tushdi.

Chunki pandemiya davrida nafaqat oddiy insonlar, balki shifokorlar ham qo‘rquvga tushib qolishgan edi. Koronavirusga chalinib qolishdan, virus yuqqan bo‘lsa uni e'lon qilishdan ham qattiq qo‘rqildi. Qahramonimiz oddiy feldsher bo‘lishiga qaramasdan, koronavirus balosiga qarshi astoydil kurashdi va bemorlar dardiga shifo bo‘ldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilk davolash amaliyotini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘rsatmalari asosida amalga oshirgan. So‘ngra tanishlari orqali o‘rgangan, hindistonlik shifokorlar amaliyotini tatbiq qilgan.

Shifoxonalarda joy yetishmay qolgan, uyda qanday davolanish kerakligini bilmagan bemorlarga uyma-uy yurib, bepul xizmat ko‘rsatgan. U hatto mashinasi yoniga bepul tibbiy xizmat deb yozdirib ham olgan.

Jobirxon akaning aytishicha, bemorlarda qo‘rquv paydo bo‘lishi bilan immunitet pasayib ketadi. Bundan tashqari, ishtaha yo‘qolishi ham kasallik og‘ir kechishiga olib keladi. Bemorlarni davolar ekan, eng avvalo ularning kayfiyatini ko‘tarishga, ularga umid bag‘ishlashga harakat qilgan.

Bemorlarga ruhiy ta'sir o‘tkazish maqsadida ularning yoniga maxsus kombinezon va niqoblarda emas, oddiy holda, ba'zida niqobsiz ham kirib borgan. «Agarda sizning ahvolingiz og‘ir bo‘lganda men yoningizga maxsus kombinzonlarda kirardim», deya bemorlarga ruhan dalda bergan.

Jobirxon Alixonov

Jobirxon Alixonov bir o‘zi qariyb 1,5 ming bemorning sog‘ayishiga sabab bo‘ldi. Bu ishda u bir o‘zi harakat qilgani yo‘q. Unga saxovatpesha insonlarning ko‘magi ham dalda bo‘ldi.

«Xudoga shukur. Allohning panohida ekanmiz, o‘zimizga hech narsa qilmadi», — deydi qahramonimiz.

Tohirjon Tursunov tayyorladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top