21:05 / 05.05.2021
9151

Prezident farmoni bilan 500ga yaqin qonunchilik hujjatlari bekor qilindi

2021 yilning 30 aprel kuni «Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni bilan 500ga yaqin eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlar bekor qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz’ga xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, qonunchilikni son jihatdan tizimlashtirish endilikda sifat jihatdan yaxshilanmoqda va bu borada ikki yo‘nalishda ish olib borilishi rejalashtirilgan:

1) konsolidatsiya, ya'ni 120dan ortiq davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi 1600dan ziyod tarqoq hujjatlar birlashtirilishi.

Bu juda muhim masaladir, sababi bugungi kunda bitta vazirlikning vakolatlarini tushunish uchun kamida o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlar mazmunini o‘rganish yoki qo‘shimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladigan yuridik maslahat olish zarur. O‘z navbatida, o‘nlab turli normativ-huquqiy hujjatlar o‘rniga, tegishli davlat organi faoliyatiga oid barcha asosiy masalalar batafsil bayon etilgan bitta hujjatning talablarini tushunish va ularga rioya qilish osonroq.

2) amaldagi huquqiy bazani qonunchilik tarmoqlari bo‘yicha tizimlashtirish.

Buning uchun 60ga yaqin eng muhim sohalar kesimida amaldagi hujjatlar tizimlashtiriladi. Ushbu ish nafaqat hujjatlar soni kamayishiga, balki ularning sifatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi. Jumladan, tizimlashtirish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotida turli muammolarga olib keluvchi takrorlanishlar, ziddiyatlar, huquqiy bo‘shliqlar va boshqa kamchiliklar bartaraf etiladi.

Adliya vazirligi bu borada mas'ul ijrochilarga uslubiy yordam ko‘rsatadi, shuningdek, farmonda belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta'minlash choralarini ko‘radi.

Top