16:27 / 05.05.2021
6120

Tibbiyot sohasida yangi jamg‘arma tashkil etilmoqda

Foto: KUN.UZ

Prezident “Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmonni imzolaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘armani moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • Davlat budjeti mablag‘lari;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari;
  • davlat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan Jamg‘armaga yo‘naltiriladigan ajratmalar;
  • xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘lari;
  • qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘roviga asosan 2021 yilda Jamg‘armaga 50 milliard so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratadi, 2022 yildan boshlab esa zarur mablag‘larni Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutadi.

Belgilanishicha, Jamg‘arma mablag‘lari tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan Ishchi guruhining qaroriga asosan hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislar, shuningdek, mamlakatda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan ularni moddiy rag‘batlantirish to‘lovlarini amalga oshirish, yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalarida stajirovka o‘tashlari va malaka oshirishlari bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislarni tegishli mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobidan yashash joyi bilan ta'minlash choralarini ko‘radi.

Top