13:14 / 06.05.2021
37023

Avtomobillarga davlat raqami rasmiylashtirish va haydovchilik guvohnomasi berish soddalashtirilmoqda

Yashash joyidan qat'i nazar O‘zbekistonning istalgan hududida avtomobillarga davlat raqami olish, haydovchilik imtihonini topshirish va guvohnoma olish imkoniyati berilmoqda.

«Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarorida fuqarolarga bir qator yengilliklar berilishi nazarda tutilmoqda.

Hukumat qaroriga binoan quyidagilar fuqarolarning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hududidan qat'i nazar, respublikaning barcha hududlarida amalga oshirilishi belgilanmoqda:

  • avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish;
  • haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish;
  • milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish, shu jumladan, almashtirish yoki yo‘qolgani o‘rniga yangisini berish.

Bunda avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga davlat raqami belgilarini berish Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida bittadan ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlarida eksterritoriallik tamoyili asosida, respublikaning boshqa hududlarida fuqaroning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hududida amalga oshiriladi.

Shuningdek, milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish, shu jumladan, almashtirish yoki yo‘qolgani o‘rniga yangisini berish DYHXXning barcha ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlarida hamda kamida 20ta davlat xizmatlari markazlarida eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.

Top