21:44 / 06.05.2021
2580

Baxmalda 4 oyda tibbiyot xodimlarining mas'uliyatsizligi tufayli 7 nafar go‘dak va 2 ona vafot etgan

Jizzax viloyati Baxmal tumanida joriy yilning o‘tgan to‘rt oyi mobaynida tibbiyot xodimlarining mas'uliyatsizligi tufayli 7 nafar go‘dak, 2 nafar ona vafot etgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Baxmal tumanida homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat ahvoli o‘rganilganda, tumanda 2020 yilda 725 nafar homilador ayol kech hisobga olingani, 85 nafari umuman skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilmagani aniqlangan.

Bundan tashqari, birlamchi skrining tekshiruvidan o‘tib, xavf guruhi aniqlangan homiladorlardan irsiy kasalliklarni aniqlash (PAPP) uchun 2020 yil 6 oyi davomida qon namunalari umuman olinmagan.

Shuningdek, Baxmal tumanida yashovchi homilador E.Z. hamda Z.I. 2020 yilda dispanser nazoratiga olingan bo‘lsa-da, hududga mas'ul patronaj hamshirasi va umumiy amaliyot shifokori tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Ularda aniqlangan kasalliklarni o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilmagani oqibatida ular 2021 yil aprel oyida Jizzax viloyati perinatal markazida vafot etgan.

Qayd etilishicha, aniqlangan salbiy holatlar yuzasidan viloyat SSBga taqdimnoma kiritilgan. 2 nafar ona o‘limi holati yuzasidan esa Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Top