22:21 / 06.05.2021
14739

«Nasaf» vakili hakamlarni sotib olishga uringani uchun klub O‘FA tomonidan 50 million so‘m jarimaga tortildi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, «Nasaf» professional futbol klubiga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi, deya xabar bermoqda tashkilot rasmiy sayti.

«Nasaf» PFK vakili tomonidan klub manfaatini ko‘zlab, 2020 yil futbol mavsumida hakamlarni o‘z tomoniga moddiy manfaatdor qilish evaziga og‘dirishga uringani uchun O‘FA intizom kodeksining 5.26. bandiga muvofiq futbol klubi 50 000 000 so‘m jarimaga tortildi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Qayd etilishicha, mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy tarzda e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi. Joriy mavsum boshida O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi «Dinamo» klubi vakilini ham 2020 yilda hakamni o‘z tomoniga og‘dirishga intilgani uchun jarimaga tortgandi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha kelishilgan o‘yinlar va korrupsion ishlarga aralashgani uchun FIFA hakami Jasur Muxtorov 5 yil muddatga, bosh hakam Temur To‘xtasinov 2022 yilgacha, bosh hakam Asker Najafaliyev esa 2020 yil oxirigacha futboldan chetlatilgani va har biri 90, 70 va 10 million miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabar qilingan edi. Shuningdek, FIFA hakami Sherzod Qosimov ham yanvar oyida uch yilga futboldan chetlatilgandi. Shunga qaramay, O‘FA ushbu hakamlar qaysi klublar bilan kelishganini haligacha oshkor qilmay kelmoqda. Bu masalada faqatgina «Nasaf» va «Dinamo» klubi jarimaga tortildi.

Top