19:54 / 06.05.2021
3352

O‘zsanoatqurilishbank – xalqaro “SAP QUALITY AWARD-2021” tanlovi sovrindori

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

O‘zsanoatqurilishbankning “Budjetlashtirish tizimini ishlab chiqish va joriy qilish” loyihasi MDH mamlakatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “SAP Quality Awards” tanlovida “Raqamli evolyutsiya” nominatsiyasida g‘olib deb e'tirof etildi.

O‘zsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda keng ko‘lamli transformatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bankda “SAP Business Planning and Consolidation” dasturi (Germaniya) asosida amalga oshirilayotgan “Budjetlashtirish tizimini ishlab chiqish va joriy qilish” loyihasi ham mazkur jarayonlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Ta'kidlash kerakki, “SAP Quality Awards” mukofoti SAP loyihalarini joriy etish bo‘yicha yetakchilikni namoyish qilib, biznes transformatsiyasida salmoqli natijalarga erishayotgan kompaniyalarga taqdim etiladi.

Tanlov hay'ati e'tirofiga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbankning “Budjetlashtirish tizimini ishlab chiqish va joriy qilish” loyihasi barcha zaruriy talablarga mos keladi. Mazkur dastur MDH mamlakatlarida amalga oshirilgan eng yirik transformatsiya loyihalaridan biriga aylandi.

Bugungi kunda bankda “SAP Business Planning and Consolidation” dasturi negizida budjetlashtirish jarayonini yuritish, bank mahsulotlarining samaradorligi va rentabelligini aniqlash, shuningdek, bank bo‘linmalari va filiallarida biznesni kuzatib borish imkonini beruvchi Yagona tizimlashtirilgan dasturiy ta'minot joriy etildi.

Bunda Bank budjeti va rivojlanish strategiyasini o‘zaro bog‘lashning zamonaviy usullaridan foydalanildi. Bankning samaradorlik ko‘rsatkichlari – aktivlar (ROA) va kapital (ROE) rentabelligi, SPRED, sof foizli marja, CIR, LDR va boshqalarni avtomatik hisoblash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Umuman olganda, 15 bosqichli ushbu loyihaning shu kunga qadar 9 ta bosqichidagi ishlar muvaffaqiyatli yakunlandi.

O‘zsanoatqurilishbank transformatsiya jarayonlari doirasida SAP texnologiyalariga tayanib, budjetlashtirish va moliyaviy tahlil tizimini rivojlantirishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bank tomonidan SAP dasturida transfert bahoni shakllantirish va xarajatlar allokatsiyasini dasturlashtirish metodologiyasini yaratish ustida ishlar olib borilmoqda.

Bank Axborot xizmati

Mavzuga oid
Top