07:51 / 06.05.2021
5745

Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

«Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi qonun 12- va 16-moddalari, prezidentning 2019 yil 28 noyabrdagi «Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi farmoni, 2020 yil 24 avgustdagi «Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2019 yil 7 noyabrdagi «Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2017 yil 21 iyundagi 405-son VMQ bilan tasdiqlangan Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, 17-bandga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq litsenziya berish haqidagi umumiy yoki tezlashtirilgan tartibdagi ariza talabgor tomonidan Yagona portal orqali berilgan taqdirda, arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im summasi quyidagicha taqsimlanadi:

11,25 foizi – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobraqamiga o‘tkaziladi;

10 foizi – Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasi shaxsiy hisobraqamiga o‘tkaziladi;

mablag‘lar qolgan qismi – litsenziya beruvchi organ hisobraqamiga o‘tkaziladi.

Markazlarga o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda litsenziya berish haqidagi umumiy yoki tezlashtirilgan tartibdagi arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘imlar summasi 20 foizi belgilangan tartibda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobraqamiga o‘tkaziladi.

18-band litsenziyalovchi organ litsenziya berish yoki litsenziya amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati davomida litsenziya berish haqida yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida yoxud litsenziya amal qilish muddatini uzaytirish haqida yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilmagan taqdirda, litsenziya talabgori arizada ko‘rsatilgan faoliyat turini amalga oshirish huquqiga bu haqda litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda ega bo‘lishi haqidagi xatboshi bilan to‘ldirildi.

Shuningdek, kiritilgan tartibga muvofiq, litsenziyalovchi organ litsenziya talabgori yozma xabari olinganidan keyin 5 ish kuni ichida unga litsenziya berishi yoki litsenziya amal qilish muddatini uzaytirishi shart. Taqdim etilgan hujjatlar ular qabul qilib olingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan ro‘yxati hamda litsenziya talabgori tomonidan litsenziyalovchi organga yuborilgan yozma xabar litsenziya olinguniga qadar litsenziyaga tenglashtiriladi va shunday faoliyatni amalga oshirish uchun asos bo‘ladi. Bunda litsenziya talabgori litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

33-bandga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, litsenziyalovchi organ o‘z vakolatlari doirasida tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilgan holda, nodavlat tibbiy tashkilotlarda litsenziya talabgori va shartlariga rioya qilinishi ustidan ikki yarim yilda ko‘pi bilan bir marta (qonun hujjatlari buzilishi holatlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va ijtimoiy tarmoqlardagi asoslangan ma'lumotlar bo‘lgan holatlarda cheklanmagan miqdorda) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazish huquqiga ega.

Nizomga boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritilgan.

Top