11:05 / 08.05.2021
2381

Kitoblik Shaxzodbekni jarohati bilan bog‘liq sud davom etmoqda

Foto: KUN.UZ

7 may kuni JIB Kitob tuman sudi holat yuzasidan navbatdagi sud majlisini o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Sudda Kitob tuman sud-tibbiy ekspertizasi bo‘linmasi davlat sud eksperti To‘lqin Xolqarayev erkin guvohlik berdi.

Avvaliga ekspert Shahzod Usmonovning jarohatlari yuzasidan tibbiy ekspertiza xulosalarini o‘qib berdi. Jarohat bitta ko‘zning olmasi yo‘qolgani sababli mehnat qobiliyatini 33 foizga yo‘qotishga olib kelganini, tibbiy ekspertiza xulosasini o‘zi ko‘z bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagani uchun Samarqand shahrida Shahzodni «operatsiya» qilgan shifokorning tibbiy xulosalari asosida yozganini aytdi.

Qayta ekspertiza tayinlanganda voqea sodir bo‘lgan uyda tergovchi Hulkar Ne'matovani xulosalari bo‘yicha o‘rganganini, eshik tutqichi Shahzodni bo‘yi bilan solishtirilganda ko‘zidan balandda ekanligini, ko‘zga zarar yetkazishi haqiqatga zid, daliliy ashyo bo‘lgan pichoq har qanday holatda ham tik turmaganini, tik turganda ham inson og‘irligi bilan to‘liq badanga kirib qolishini bildirdi.

Prokurorning mehnat qobiliyatini yo‘qotish kasbga qarab belgilanadimi, degan savoliga ekspertlar o‘zlarini maxsus kitoblari asosida asosiy organlarning yo‘qolishi, yaroqsiz holga kelishi bilan tayinlashini ta'kidladi.

Ekspertning xulosasidan keyin sudlanuvchi Dadaxon Xasanovning advokati Sobit Xushov sudga To‘lqin Xolqarayev kriminalist ekspert emasligini, voqea bo‘yicha qayta ekspert tayinlanishi, voqea aniqlashtirish lozimligi, Shahzod Usmonovning ko‘zi ko‘rish darajasini ham qayta tekshirishni so‘rab iltimosnoma kiritdi.

Sud ushbu iltimosnomani muhokama qilib, qarshilar yo‘qligini va qayta ekspertiza o‘tkazish uzoq vaqtni olishi sababli qo‘shimcha ekspertiza tayinladi.

Sud majlisi noma'lum muddatga qoldirildi.

Top