08:08 / 08.05.2021
46483

Transportda sodir etilgan ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori o‘zgardi

 2021 yil 29 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Foto: KUN.UZ

Qonun bilan qator hujjatlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.

Poyezdlarning vagonlari, avtotransport vositalari va shahar yo‘lovchilar transportidan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish bazaviy hisoblash miqdorining 1/2 qismidan (ilgari – 1/5 qismidan) 1 bazaviy hisoblash miqdorigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi 15 bazaviy hisoblash miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, 30 bazaviy hisoblash miqdorida jarima solish yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan 1 yil muddatga mahrum etishga yoxud 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Haydovchilarning korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qarashli transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishi 2 bazaviy hisoblash miqdori (ilgari – 2 bazaviy hisoblash miqdoridan 5 bazaviy hisoblash miqdorigacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yo‘l harakatiga qasddan, shu jumladan yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalal berish, xuddi shuningdek avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun'iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish fuqarolarga 2 bazaviy hisoblash miqdori (ilgari – 1 bazaviy hisoblash miqdoridan 3 bazaviy hisoblash miqdorigacha), mansabdor shaxslarga esa 10 bazaviy hisoblash miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

«Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi qonunda ekologik audit tushunchasiga quyidagicha ta'rif berildi. Ekologik audit ekologik auditorlik tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan ekologik audit sub'yektining xo‘jalik faoliyatini va boshqa faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga ushbu sub'yektning rioya etishi yuzasidan tizimli, hujjatlashtirilgan, mustaqil ekologik baholash hisoblanadi.

Boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilgan.

Top