12:53 / 11.05.2021
3886

Tanqiddan so‘ng: Toshkent shahar IIBBning Mingo‘rik arxeologiya yodgorligi oldidagi qurilishi to‘xtatildi

Toshkent shahri Mirobod tumanidagi Mingo‘rik arxeologiya yodgorligi oldidagi Toshkent shahar IIBBning Ma'naviyat va ma'rifat markazi binosi qurilishi Ilmiy kengash tomonidan rad etildi. Yodgorlik yonida qurilish bo‘lmaydi. U boshqa joyga ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Esonbek Abdurasulov Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

Toshkent shahar Mirobod tumani Moshtabib ko‘chasi 31-uy manzilida VIII—IX asrlarga taalluqli Mingo‘rik shahristoni yodgorligi yonida Toshkent shahar IIBBning Ma'naviyat va ma'rifat markazi binosi qurilishi boshlangani haqida Kun.uz saytida xabar berilgan edi.

Unda Toshkent shahar IIBB qonunchilik talabini bajarmay, komissiyaning tegishli xulosasini olmasdan qurilish ishlarini boshlab yuborgani, biroq Toshkent shahar IIBB qurilish ishlari boshlanganini rad qilgani haqida so‘z yuritilgandi.

Tanqidiy maqola e'lon qilinganidan so‘ng holat Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingani ma'lum qilindi.

11 may kuni Kun.uz muxbiri Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i bilan bog‘lanib, qurilishning taqdiri nima bo‘lgani bilan qiziqdi. Boshqarma boshlig‘i Esonbek Abdurasulovning ma'lum qilishicha, qurilish ishlari to‘xtatilgan. Hozirda qurilishni ko‘chirish bo‘yicha Toshkent shahar IIBB taklif kiritgan.

«Tanqidiy maqola e'lon qilinganidan so‘ng Toshkent shahar IIBB murojaat qilib, qurilish loyihalarini Ilmiy ekspert kengashga taqdim qildi. Ilmiy kengash qurilish loyihasini ko‘rib chiqib, uni rad etdi. Qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Ayni vaqtda Toshkent shahar IIBB qurilishni boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha taklif kiritgan. Hozirda boshqarmaning taklifi ko‘rib chiqilmoqda», dedi Esonbek Abdurasulov. 

Top